Sidneydagi qahvaxonada odamlar garovga olingan

Image copyright AFP

Avstraliya politsiyasiga ko‘ra, Sindeydagi kafeda odamlarni garovga olgan shaxsning ismi-sharifi asli eronlik an Xaron Monis bo‘lib, Avstraliyadan siyosiy boshpana olgan bo‘lgan.

Aytilishicha, oldinroq unga jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha ayblov ilgari surilgan hamda garov puli evaziga ochiqda yurgan.

Monisning himoyachisi mijozini odamovi, kamgap deya tasvirlagan. Monisning boshqa sheriklari bo‘lmagani aytilmoqda.

Garovga olish

Bugun ertalab Avstraliyaning Sidney shahri markazida joylashgan Lindt qahvaxonasi ichidagi insonlarni bir qurolli shaxs garovga olgan.

Lindt ma‘muriyati bu paytda qahvaxona binosining ichkarisida 30 mijoz, 10 xodimi bo‘lgani haqida ma‘lum qilgan.

Biroq politsiya garovga olingan insonlarning aniq sonini bilmasligini aytgan.

Avstraliya televideniyesi garovga olish hodisasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritishni boshlagan.

Image copyright EPA

Telekadrlarda qahvaxonaning shisha devorlariga qo‘llarini ko‘targan holda ko‘chaga qarab turgan garovdagi insonlar va Arab yozuvi yozilgan qora bayroqni ko‘rish mumkin bo‘lgan.

Janubiy Uels shtati politsiyasi garovgirning shaxsi aniqlangani haqida xabar tarqatgan.

Garovga olish hodisasi boshlanganidan yetti soat o‘tib qahvaxonadan uch erkak va ikki ayol qochib chiqqan.

Image copyright BBC World Service

Ayrim ommaviy axborot vositalarida garovgirning talablari haqida xabarlar paydo bo‘lgan.

Biroq Janubiy Uels shtati politsiyasi komissari o‘rinbosari Ketrin Byorn matbuotda tarqalgan talablarni tasdiqlay olmasligini aytgan.

U faqat politsiya garovgir bilan muzokaralar boshlaganini bildirgan.

Lindt kafesi atrofidagi barcha binolardan odamlar evakuatsiya qilingan.

Sidney markazini politsiya va xavfsizlik kuchlari o‘rab olganlar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002