Rossiya: Foyda foizlari keskin oshirildi, lekin rubl hamon qulamoqda

Image copyright EPA

Rossiya Banki foyda foizlarini keskin ravishda 17 foizga qadar ko‘targanligini ma‘lum qildi.

Lekin shunga qaramay Rossiya rubli qadrining tushishi davom etmoqda.

Rossiyaga iqtisodiga oxirgi vaqtlarda Ukrainadagi mojaro tufayli G‘arb tomonidan kiritilgan jazo choralari va jahon bozorlarida neftga narxlarning tushib ketishi anchagina katta ziyon yetkazmoqda.

O‘tgan hafta Rossiya kreditlar foiz stavkalarini 9,5%dan 10,5%ga oshirganida natija haminqadar bo‘lgandi. Joriy haftadagi rubl qadrining pastga sho‘ng‘ishiga AQSh Rossiyaga qarshi yangi jazo choralarini ko‘rib chiqayotgani borasidagi xavotirlar turtki berdi. G‘arb Kremlni Ukrainadagi bo‘lginchilarni qo‘llab-quvvatlashda ayblab keladi.

Rossiya Markaziy Banki kreditlar foiz stavkalari 10.5%dan 17%ga ko‘tarilishi inflyatsiyani jilovlash va rossiyaliklarni bank hisoblariga ko‘proq rubl qo‘yishga rag‘barlantirish uchun amalga oshiriliganini bildirdi.

Ammo, bank rahbariga ko‘ra, so‘nggi choralar rubl qiymatining birdaniga oshib ketishiga xizmat qilmaydi.

"Markaziy Bank o‘tgan hafta kreditlar foiz stavkalarini bir foizga oshirishi shifokor o‘ta og‘ir xastaga boshog‘riqni qoldiruvchi dori berishiga o‘xshardi. Kreditlar foiz stavkalarining 17%ga ko‘tarilishini esa, o‘ta chorasizlikdan olingan qaror deyish mumkin. Va vaziyat benihoya tashvishli ko‘rinadi", deydi BBCning Moskvadagi muxbiri Stiv Rozenberg.

Dushanba kuni rubl qadri 15 yildan ortiq vaqtdan buyongi eng past darajasiga tushib ketdi va dollarga nisbatan 10 foizga yaqin qiymatini yo‘qotdi.

Biroq, muxbirimizning aytishicha, buning ortidan Moskva ko‘chalarida sarosima kuzatilgani yo‘q. Banklar tashqarisida navbatlar ham paydo bo‘lmagan.

Ammo, deydi Stiv Rozenberg, Markaziy Bank ehtimoliy vahimani oldini olish uchun milliy valyutani qo‘llab-quvvatlashi kerakligini yaxshi tushunadi.

Kreditlar foiz stavkalarini bu darajada oshirish esa, xatardan holi emas. Yuqori darajali foiz stavkalari iqtisodiy rivojlanishni sustlashtiradi.

Va bu holat iqtisodiy tanazzul yoqasida turgan Rossiya uchun ijobiy holat emas, deydi BBC muxbiri Stiv Rozenberg.

Rossiya Bankining navbatdagi chorasi iqtisodchilar umid qilayotgandek samarani beradimi? Markaziy Osiyo davlatlari bilan iqtisodiy aloqalar va Rossiyadagi millionlab mehnat muhojirlariga ta‘siri qanday bo‘ladi?

Iqtisodiy tahlilchi Anvar Husainovning BBC bilan suhbatda aytishicha, Rossiyadagi joriy iqtisodiy vaziyatni o‘nglash u qadar oson bo‘lmaydi. Uning fikricha, eng samarali chora G‘arb bilan aloqalarni qayta tiklashga qaratilgan bo‘lishi lozim.

Ayni vaqtda Rossiya bilan ko‘proq tovar ayriboshlash darajasida aloqalarga ega O‘zbekiston kabi davlat uchun foyda foizlarining oshirilishi u qadar ham katta ta‘sir qilmasligi mumkin, lekin Rossiya bank tizimi bilan kengroq aloqalarga ega Qozig‘iston bu amallardan ziyon ko‘rishi mumkin, deydi sharhlovchi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi