General Do‘stumning shaxsiy fotoalbomidan

2003 yilda Afg‘onistonga safar qilarkan, amerikalik professor Brayan Glin Uilyams general Abdulrashid Do‘stumning shaxsan o‘ziga tegishli fotoalbom bilan ortga qaytishini xayoliga ham keltirmagan bo‘lsa kerak.

Ayon bo‘lishicha, xayrlashuv chog‘ida o‘zbek generalining o‘zi ushbu fotoalbomini professor Brayanga sovg‘a qilgan.

Fotoalbomdagi suratlarning tarixi hozirda Afg‘oniston vitse-prezidenti bo‘lgan general Do‘stumning askarlari bilan birga mamlakat shimolida tolibonparast kuchlarga qarshi jang olib borgan 2001 yilning kuziga borib taqaladi.

Fotoalbomni varaqlarkan, professor Brayan to‘qnash kelgan ana shu suratlar o‘zbek askarlari tomonidan olingan.

AQSh boshchiligidagi ittifoq kuchlarining Afg‘onistondagi Tolibon tuzumini qanday qilib ag‘darishgani o‘sha paytda jurnalistlar va xorijlik harbiylarning o‘zlari tomonidan fotokameralarga ko‘p muhrlangan.

Ammo afg‘onlarning o‘zlari haqida bunday deb bo‘lmaydi: Qariyb chorak asrlik urushlar o‘z tuproqlarida kechayotganiga qaramay, ular qurolli nizolarni kamdan-kam hollarda, balki, umuman suratga olishmagan.

Xuddi shu bois ham, general Abdul Rashid Do‘stumning fotoalbomi alohida ahamiyat kasb etadi.

Biz maxsus fotoreportajimizda ana shu suratlardan ayrimlarini sizning e‘tiboringizga havola etmoqchimiz.

Bu suratlar ham, aftidan, ikki xil fotokamera yordamida asosan askarlarning o‘zlari tomonidan olingan - maxsus fotoreportajimizni tomosha qilish uchun mana shu linkka bosing.

Ulardagi voqealar silsilasi Turkiyada muhojiratda bo‘lgan general Abdul Rashid Do‘stum Darayi-Sufdagi tarafdorlarini uyushtirish uchun Afg‘onistonga qaytgan 2001 yilning aprel oyidan boshlanadi va u oradan olti oy o‘tib, shimoliy Mozori Sharif shahriga qayta kirishga muvaffaq bo‘lgan voqealarning rivoji bilan davom etadi.

Brayan Glin Uilyams Amerikaning Massachuset-Dartmut universiteti professori.

Afg‘onistonga esa, o‘zbek generalining faoliyatini tadqiq qilish uchun borgan.

Fotoreportaj Monika Uitlok tomonidan tayyorlangan.

Mualliflik huquqi esa, professor Brayan Glin Uilyamsga tegishli.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002