Apple shirkati Rossiyaga internet savdosini to‘xtatdi

Image copyright PA

Jahondagi eng yirik texnologiya shirkatlaridan bo‘lgan Apple rublning o‘ta beqarorligi tufayli Rossiyaga internet orqali o‘z mahsulotlarini sotishni to‘xtatayotganini bildirdi.

Shirkatning aytishicha, o‘z mahsulotlarini sotish uchun u rublda barqaror narx belgilay olmayapti.

Rossiyada rubl misli ko‘rilmagan darajaga tushib ketishidan bir kun o‘tib Apple Rossiyaga iPhone va iPad mahsulotlarini sotishni to‘xtatdi.

Rossiya hukumati foiz ko‘rsatkichlarini 10,5 foizdan 17 foizga ko‘tarishdek keskin qarorni qabul qilishiga qaramay, rublning qiymati shu haftaning o‘zida 20 foizga tushib ketdi.

Chorshanba tongida rubl yana 5 foizga tushib, bir dollar narxi 71 rubl deya belgilandi.

Image copyright AFP

Apple shirkati o‘tgan oy Rossiyadagi narxlarini 20 foizga qimmatlatgandi, chunki qulayotgan rubl shirkat mahsulotlarini Ovro‘poning boshqa mamlakatlariga qaraganda ancha arzon qilib qo‘ygandi.

Rossiyaning Markaziy Banki valyuta bozoriga 2 milliard dollar kiritganini e‘lon qildi.

Markaziy Bank joriy yilning o‘zida rubl qiymatini tiklash uchun 80 milliard dollar sarfladi, ammo shunga qaramay rubl yanvar oyidan beri 50 foiz qiymatini yo‘qotdi.

Rublning qulashiga neft narxlarining pasayishi va Rossiyaga Ukrainadagi mojaroga aralashgani uchun G‘arb tomonidan o‘rnatilgan sanktsiyalar sabab bo‘lmoqda.

Rossiya Markaziy Banki rublni barqarorlashtirish uchun yangi choralar ko‘rishini aytmoqda.

Bank raisining muovini Sergey Shvetsov vaziyatni "o‘ta jiddiy" deya tasvirladi.

Ayni damda AQSh Rossiyaga qarshi yana ko‘proq jazo choralarini kiritishga shaylanayotgani borasidagi xabar Rossiya iqtisodi borasidagi xavotirlarni oshirmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002