Putin: "Rossiya iqtisodi inqirozdan chiqib ketadi"

Image copyright AFP

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin milliy valyuta-rublning qadri barqarorlashishini aytgan, ammo iqtisodiy inqiroz ikki yilga qadar davom etishi yuzasidan ogohlantirgan.

Putin janoblari bu haqda yillik matbuot anjumanida gapirgan.

Prezident Putin rubl qadrining pastga sho‘ng‘ishiga "tashqi omillar"ni ayblagan. Rossiya Prezidentining hisob-kitobiga ko‘ra, rublning muammolariga 25-30% G‘arbning jazo choralari sababdir. Shuningdek, u Markaziy Bank bu masalaga ertaroq yondashishi lozim bo‘lganini e‘tirof etgan.

"Albatta, vaziyatni eng avvalo tashqi omillar keltirib chiqardi. Ammo, bizning ishonimizcha, iqtisodimizni xilma-xillashtirish uchun so‘nggi 20 yil davomida yetarli ish qilmadik. Ayniqsa, ijobiy ichki iqtisodiy vaziyatni nazarda tutganda, ya‘ni bizneslar katta va tez foyda ko‘riladigan sohalarga sarmoya yotqizgan bir paytda bu ishni qilish qiyin kechgan bo‘lardi", deb aytgan Rossiya Prezidenti.

Putin, shuningdek, Rossiya iqtisodiy xilma-xillik taraqqiyotida muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ham tan olgan.

Mamlakat iqtisodi bugun neft narxlarining tushib ketishi va Ukraina inqirozi bois joriy etilgan jazo choralaridan qattiq zarba yegan.

Ammo, Putin janoblari mamlakat ichkarisida tanqidlar ostida qolgan Markaziy Bankka dastak berar ekan, bank ham hukumat ham vaziyatga yetarlicha yondashayotganini ta‘kidlagan.

"Men Markaziy Bank va hukumat mavjud vaziyatga yetarli choralarni ko‘rmoqda deb hisoblayman. Ha, Markaziy Bank va hukumat qabul qilgan qarorlar qanchalar o‘z vaqtida bo‘lganiga oid ba‘zi savollar bo‘lishi mumkin, biroq ular anchayin talab darajasida va to‘g‘ri yo‘lga qarab ketmoqda", deb aytgan Vladimir Putin.

U milliy valyuta zahiralari iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish uchun yetarli ekanini ta‘kidlagan. Putinga ko‘ra, Markaziy Bank o‘zining $419 milliardini "kuydir"masligi kerak.

"Va bizning iqtisodimiz ham bugungi vaziyatdan chiqib ketadi. Bu qancha vaqt oladi? Eng ijobiy bo‘lmagan sharoitda kamida ikki yil. Undan keyin iqtisodiy o‘sish bo‘lishi muqarrar", deya qo‘shimcha qilgan janob Putin.

BBCning Moskvadagi muxbiri Sara Reynsfordning aytishicha, Prezident Putin rubl qadrining rekord darajada tushib ketishi ortidan rossiyaliklarning kelajaklari borasidagi qo‘rquvlarini aritishga va bozorlarni tinchlantirishga harakat qilgan.

Payshanba kuni ertalab rublning o‘tgan kunlar davomida olgan zarbalaridan biroz jonlangani xabar qilingan.

Seshanba kuni Markaziy Bank moliyaviy muassasalar va moliyaviy shirkatlarni agar lozim bo‘lsa, qo‘shimcha pul bilan ta‘minlashi mumkinligiga ishontirgandi.

Rossiya foiz stavkalarini 17%ga oshirishga majbur bo‘lgan.

Hafta boshlarida rossiyaliklar qo‘llaridagi naqd pullarni sarflash uchun do‘konlarga shoshilayotganlari xabar qilingandi. Aytilishicha, ko‘plar narxlar ko‘tarilib ketmasidan avtomashinalar va uy-ro‘zg‘or buyumlarini sotib olishga oshiqishmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002