"Islomiy Davlat" safida 1500 tagacha rossiyalik bor

Image copyright AP

Rossiya Aksilterror Milliy qo‘mitasining bildirishicha, hozir 800 dan 1500 tagacha rossiyalik "Islomiy Davlat" guruhi saflarida jang qilayotgan bo‘lishi mumkin.

Bundan avval Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston mulozimlari Suriya va Iroqdagi bu guruhga qo‘shilgan fuqarolarining soni yuzlab ekani haqida aytib chiqishgandi.

Rossiya Aksilterror Milliy qo‘mitasi vakillariga ko‘ra, joriy paytda "Qofqoz Amirligi"("Imarat Kavkaz") va "Hizb ut-Tahrir" tarafdorlari "Islomiy Davlat" saflarida o‘zlarining jangovar salohiyatlarini oshirishmoqda.

Rossiyalik mas‘ullarning aytishlaricha, ulardan bir qismi ortga "aniq vazifa va maqsad" bilan qaytishadi.

Agar, ularning so‘zlariga tayanilsa, fuqarolari internet orqali islomiy jangarilar saflariga yollanishmoqda.

Rossiya Aksilterror Milliy qo‘mitasi vakili Andrey Prjezdomskiyning ma‘lum qilishicha, internetda ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib etish bilan shug‘ullanuvchi 10000 ga yaqin portal bor.

Janob Prjezdomskiyga ko‘ra, hozirga kelib, internetga nafaqat diniy va‘zlar, balki odamlarni jangarilikka o‘rgatuvchi yo‘l-yo‘riqlar ham yuklanmoqda.

Rossiyalik mas‘ullarning bayon qilishlaricha, so‘nggi yillarda shundoq ham jangarilarning ko‘plab liderlarini o‘ldirishgan. Turli ekstremistik guruhlar o‘rtasidagi aloqalarni izdan chiqarishga muvaffaq bo‘lishgan.

Agar, ular keltirgan ma‘lumotlarga tayanilsa, birgina joriy yilning o‘zida Shimoliy Qofqozda yetmishdan ortiq aksilterror amaliyotlari o‘tkazilgan. Jangari ekani taxmin etilgan 243 shaxs o‘ldirilgan.

So‘nggi oylarda aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari ham "Islomiy Davlat" saflarida jang qilayotgan fuqarolarining soni ortib borayotganidan o‘z xavotirlarini yashirishayotgani yo‘q.

Jumladan, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, hatto, kuni-kecha o‘z partiyasining s‘ezdida "Islomiy Davlat"ni "yangi asrning vabosi"ga tenglashtirib, unga "global tahdid", deya baho berdi.

O‘z mamlakati milliy xavfsizlik xizmatlarining ma‘lumotlariga tayanib, guruh saflarida hozir 200 dan ortiq fuqarolari jang olib borishayotganini bildirdi.

Prezident Rahmon, o‘z o‘rnida, mamlakat ahlini "bu global xavf qarshisida befarq bo‘lmaslik"ka ham da‘vat qildi.

Qozog‘iston Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi matbuot xizmati yaqinda tarqatgan xabarda aytilishicha esa, shu paytgacha "Islomiy Davlat" jangarilariga aylanib ulgurgan fuqarolarining soni 300 dan ortadi va ularning yarmi ayollardir.

Bu kabi raqamlarni keltirarkan, qozog‘istonlik xavfsizlik mas‘ullari ham "Islomiy Davlat" faol bo‘lgan hududlar MDH davlatlariga bevosita chegaradosh bo‘lmasa ham, guruh ularga jiddiy tahdid solishi bilan ogohlantirishgandi.

Markaziy Osiyo davlatlari orasidan birinchilardan bo‘lib bu xususda o‘z ma‘lumotlarini oshkor etgan qirg‘izistonlik mulozimlar esa, hozir Suriya va Iroqda jang qilayotgan fuqarolarining soni o‘nlab ekanini aytishadi.

Ammo hozirgacha "Islomiy Davlat" saflariga yollangan o‘zbekistonliklarning aniq soniga oid rasmiy ma‘lumotlar yo‘q.

So‘nggi yillarda mintaqa ichkarisi va tashqarisidagi turli nashrlarda bu xususda ayrim maqolalar ham bo‘y ko‘rsata boshlagan, internetda esa, o‘zbekcha so‘zlashuvchi jangarilar aks etgan qisqa videolar ham paydo bo‘lgan.

Ulardan ayrimlari BBC doxil ayrim boshqa G‘arb nashrlari bilan aloqaga chiqib, o‘zlarining "Islomiy Davlat" guruhi safida jang qilayotgan o‘zbekistonlik ekanliklarini ham iddao qilishgandi.

Jumladan, Xurshid Muxtorov ismli shaxs BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida hozir Suriya va Iroqda o‘ziga o‘xshagan markaziy osiyoliklarning soni minglab ekani va ulardan ko‘pchiligi o‘zbeklar ekanini da‘vo qilgandi.

Mintaqaviy va xalqaro tahlilchilar bugun Iroq va Suriyada jang qilayotgan markaziy osiyoliklar soni bir necha yuzdan bir necha mingga yetishi mumkinligini taxmin etisharkan, ularning soni ortib borayotganiga ham diqqat qilishadi.

Inson huquqlarini himoya etish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotlar va ko‘plab kuzatuvchilar Markaziy Osiyo davlatlari aholisining radikallashuviga yakkahokim prezidentlarining repressiv tuzumlari ham sabab bo‘layotganini aytishadi.

O‘tgan bir necha oyning o‘zida Iroq va Suriyadagi kattagina hududlarni bosib olib, o‘z islomiy xalifaligini e‘lon qilgan "Islomiy Davlat" esa, joriy paytda barcha jangari guruhlar orasidan "eng boyi" va qudratlisi sifatida e‘tirof etilmoqda.

Image copyright isis

Joriy paytda bu mutaassib jihodiy guruh a‘zolarining soni 30 mingdan ortishi va ular saflarida dunyoning deyarli har burchagidan jang qilish uchun kelayotgan insonlarning borliklari aytiladi.

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, bundan keyin ham butun dunyodan jihodchilarning Iroqqa yig‘ilish tendentsiyasi borgan sari kuchayib boradi va yaqin yillar ichida asosiy kurash nuqtasi ham ana shu Iroq bo‘ladi.

Ularning aytishlaricha, "Islomiy Davlat" e‘lon qilgan jihod, guruhning global Islomiy xalifat barpo etish g‘oyasi, G‘arbga qarshi mavqei va bu yo‘lda erishayotgan yutuqlari radikal qarashdagi insonlarni o‘ziga jalb etishda davom etadi.

Ayrim mintaqa davlatlari esa, xuddi shu manzarada allaqachon o‘z fuqarolarining "Islomiy Davlat" nazorati ostidagi hududlarga safar qilishlarining oldini olish yo‘lida qator chora-tadbirlarga ham qo‘l ura boshlashgan.

Image copyright EPA

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston Islomiy Harakati butun MDH davlatlari orasidan birinchilardan bo‘lib "Islomiy Davlat"ni dastaklashini oshkora bayon etgan jangari guruhlardan biri bo‘ladi.

Boshqa tomondan, ayrim tahlilchilarga ko‘ra, agar, mintaqadagi boshqa isyonchi guruhlar va qo‘mondonlar ham "Islomiy Davlat" guruhini tanlaydigan bo‘lishsa, bu – O‘zbekistonning shundoqqina biqinidagi Afg‘oniston va Pokistonga eng avvalo shafqatsiz jang usullarining kirib kelishiga zamin yaratadi.

Yaqinda Rossiya va O‘zbekiston oliymaqom muzokaralari yakunida Prezident Putin bilan matbuot brifingida gapirgan Prezident Karimov "Islomiy Davlat" guruhi allaqachon Afg‘onistonga sizib kirayotgani va mavjud vaziyat tegishli choralar ko‘rishni taqozo etishini bayon qilgandi.

So‘nggi oylarda janob Karimov G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining ommaviy safarbarligi ortidan, qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat Iroqdagisi kabi tus olib ketishidan oshkora xavotir bildira boshlagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002