Istanbuldagi qotillik bo‘yicha paydo bo‘layotgan tafsilotlar

Turkiyaning Istanbul shahri xavfsizlik xizmati chiqargan bayonotga ko‘ra, asli o‘zbekistonlik ekani aytilgan va Abdulloh Buxoriy nomi bilan faoliyat qilgan imomning o‘ldirib ketilishiga oid ish sinchkovlik bilan o‘rganilmoqda.

Asli ismi Mirzag‘olib Hamidov bo‘lgan 38 yoshli imom 10 dekabr kuni Istanbulning Zaytunburni mavzeida otib ketilgandi. U 8 yildan beri Turkiyada yashab kelgan.

Hozirda Turkiya matbuotining yozishicha, qotillik ro‘yxatida imom bilan birga o‘ldirilishi kerak bo‘lgan boshqa insonlar kiritilgani borasida ham ma‘lumotlar o‘rtaga chiqmoqda.

Istanbuldan BBC Turk Xizmati muxbiri Rengin Arslon tafsilotlarni o‘rganishga uringan.

Istanbul shahri xavfsizlik direktorati chiqargan bayonotga ko‘ra, ushbu jinoyat bo‘yicha tekshiruv ishi boshlangan va hodisa yuz bergan hudud sinchikovlik bilan o‘rganilmoqda. Ma‘lum qilinishicha, hududda o‘rnatilgan kuzatuv kameralariga tushgan tasvirlar birma-bir tekshirilmoqda.

Politsiyaga ko‘ra, ismlari Z va M harflari bilan boshlanuvchi 3 nafar xorijiy davlat fuqarosi jinoyatga aloqadorlik gumoni bilan hibsga olingan.

Politsiya bayonotida aytilishicha, uchinchi gumondor ham hibs ostida ekanini bildirar ekan, uning ham nomini to‘liq keltirmaydi va ismi sharifi S harfi bilan boshlanishi aytadi.

Politsiyaga ko‘ra, tergov jarayoni Milliy Josuslik Xizmati bilan hamkorlikda olib borilmoqda.

Bayonotda qo‘lga olinganlarning ismlari to‘liq berilmagan bo‘lsa-da, Turkiya matbuoti ularni Zelimxon Maxtiyev, Eldar Aslan va Sobir Shukurov deb bermoqda.

Turkiya matbuotining xabar berishicha, O‘zbekiston Josuslik Xizmati bundan uch oy avval Rossiyadagi hamkasblari yordamida o‘ldirilishi lozim bo‘lgan shaxslar ro‘yxatini tuzib chiqqan.

Turkiya hukumatiga yaqin gazeta Yeni Shafakning yozishicha, bu ro‘yxatda o‘ldirilgan Abdulloh Buxoriy bilan birga O‘zbekiston Xalq Harakati rahbari Muhammad Solih, uning o‘g‘li Temur Solih va qirg‘izistonlik imom Rashod qori Kamolovlarning ham ismlari bitilgan.

Muhammad Solih: "Tahlika borligi haqida 3 oy oldin bilganmiz"

O‘zbekistonlik imomning o‘ldirilishi va suiqasd uyushtirilishi rejalangan odamlar ro‘yxati bo‘lgani haqidagi xabarlar ortidan o‘zbek muxolifati lideri Muhammad Solih atrofida xavfsizlik kuchaytirilgan.

BBC O‘zbek Xizmati Muhammad Solihga bog‘lanib, uning o‘zida qanday ma‘lumotlar borligi haqida so‘radi.

"Mening qo‘limga hech narsa kelib tushgani yo‘q. Lekin, Yeni Shafak muxbiri biz bilan suhbat qilishdan oldin o‘zida shunday hujjutlar borligini aytgan va rasmlarini ko‘rsatgandi. Ammo, biz mana shunaqa ro‘yxat borligi haqida 3 oy oldin xabar olgan edik. Mahalliy politsiya ehtiyot bo‘lib yurishimiz va shunday bir tahlika borligi haqida ogohlantirgandi", deydi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002