"Jahon Banki O‘zbekistondagi majburiy mehnatga hissa qo‘shmasin"

"Jahon Banki Nazorat Hay‘ati bank loyihalari O‘zbekistondagi majburiy mehnat hollariga hissa qo‘shmoqdami yo‘qligini tekshirib ko‘rishi kerak", deb aytgan "Paxta kampaniyasi" (Cotton Campaign) tashkiloti.

"Paxta kampaniyasi" inson huquqlari, mehnat, sarmoya va biznes guruhlari koalitsiyasidir. Mazkur guruhlar O‘zbekistondagi paxta sanoatida majburiy mehnatga barham berishga bel bog‘lagan.

O‘tgan noyabr oyi mustaqil o‘zbek guruhlari ham bankning Nazorat Hay‘atiga xuddi shu mazmunda maktub yo‘llashgandi.

Nazorat Hay‘ati bankning mavjud loyihalari O‘zbekistondagi majburiy mehnat tizimini dastaklayapti yo‘qligi xususida ertaga - 19 dekabr kuni qaror berishi kutiladi. Ma‘lumki, O‘zbek hukumati har yili milliondan ortiq fuqarosini paxta yig‘im-terimiga majburan safarbar qilgani uchun tanqid qilinadi.

"Jahon Banki o‘z faoliyati davomida majburiy mehnat yo-da, inson haqlarini toptash bilan bog‘liq boshqa holatlarga hissa qo‘shmaslik burchiga ega", deydi Inson haqlari bo‘yicha o‘zbek-olmon forumi direktori Umida Niyozova.

O‘zbek guruhlari bu haqda 2013 yil shikoyat bilan chiqishgandi.

Biroq, hay‘at bu masalada tekshiruv olib borish bo‘yicha qarorini bir yildan beri kechiktirgan.

Xuddi shu munosabat bilan inson haqlarini himoya qiluvchi Human Rights Watch tashkiloti ham matbuotga o‘tgan yil davomida Jahon Banki O‘zbekistondagi mehnat me‘yorlariga diqqat qaratish masalasida juda oz harakat qilgani haqida bildirgan.

Ya‘ni, Jahon Banki majburiy mehnatni keltirib chiqaruvchi muammolarni hal etish yo‘lida O‘zbekiston hukumati bilan ham hamkorlik qilmagan.

Tashkilotning yozishicha, bank loyiha darajasidagi me‘yorlarga suyanib ish tutgan. Norozilik bildirib chiqayotgan o‘zbek guruhlariga ko‘ra, bunday choralar hukumatning markazlashgan majburiy mehnat tizimini moliyalashni to‘xtatishga xizmat qilmaydi.

Xalqaro bosimlar ortidan 2014 yil hukumat paxta maydonlariga haydaladigan 16 yoshdan kichik bolalar sonini kamaytirgan bo‘lsa-da, o‘smirlar va katta yoshdagi xizmatchilarni paxta terimiga safarbarligini kuchaytirgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002