Ramzan Qodirov so‘zlari ortidan tergov boshlangan

Image copyright Getty

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Grozniydagi so‘nggi hujumlarni qandaydir Kalyapin moliyalagan deb aytgan so‘zlaridan keyin Rossiya Tergov qo‘mitasi tekshiruv boshlagan.

Tergov qo‘mitasi Chechenistondagi "Qiynoqlarga qarshi qo‘mita" inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti rahbari Igor Kalyapinga bo‘lgan munosabatni o‘rganishni boshlagan.

Ramzan Qodirov 4 dekabrda Grozniy shahrida hujum sodir etgan jangarilarni moliyalashtirishga "qandaydir Kalyapin aloqador" deb aytgan.

Huquqbonning o‘zi jurnalistlarga bildirishicha, Tergov qo‘mitasi vakillari u bilan bog‘lanishgan.

Bundan oldin Kalyapin Ramzan Qodirovning jangarilar hujumidan so‘ng aytgan so‘zlari bo‘yicha Bosh prokuraturaga murojaat qilgan.

Ramzan Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, Chechenistonda bolasining qilmishi uchun ota-ona javob bermaydigan zamon nihoyasiga yetgan.

Janob Qodirovning ushbu so‘zlaridan so‘ng Grozniydagi hujumga mas‘ul jangarilarning yaqinlariga tegishli bir necha uyga o‘t qo‘yilgani kuzatilgan.

"Aybdorni mahkama jazolaydi"

Image copyright Reuters

"Qiynoqlarga qarshi qo‘mita" rahbari Igor Kalyapin Bosh prokuratura va Tergov qo‘mitasiga Ramzan Qodirovning bayonoti munosabati bilan o‘z lavozimini suiste‘mol qilish bo‘yicha jinoiy ish ochishni so‘rab murojaat qilgan.

Bunga javoban Ramzan Qodirov "Qandaydir Kalyapin kallakesarlar va ularning qarindoshlari himoyasiga chiqibdi. Chechenistonda inson huquqlari himoyasi bilan men shug‘ullanaman", deb yozgan o‘zining Instagramdagi sahifasida.

Qodirov, shuningdek, huquq faolini terrorchilar bilan til biriktirishda ayblagan.

"Kerakli idoralarda xorijiy maxsus xizmatlarning Axmat Umarov nomidan pullari jangarilarga Kalyapin familiyali kishi orqali yetkazilgan. Shu Kalyapin haqida so‘z ketmayaptimikan, buni tekshirish, isbotlansa chora ko‘rish kerak", degan.

Ayni paytda "Exo Moskva" radiosining xabar berishicha, Tergov qo‘mitasining tekshiruvlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putining 18 dekabrdagi matbuot anjumanida Qodirov bayonotiga nisbatan aytgan so‘zlaridan keyin boshlangan.

Checheniston rahbarining jangarilar haqidagi so‘zlariga o‘zining munosabati haqidagi savolga javob bera turib, Prezident Putin "Rossiyada hamma mamlakat qonunlariga rioya qilishi shart. Mahkama hukm chiqarmaguncha, hech kim aybdor deb hisoblanmasligi" va "mahkamagacha qandaydir jazo tayinlashga hech kimning, jumladan Checheniston rahbarining ham haqqi yo‘q"ligini aytgan.

Putin huquqni muhofaza qilish idoralari uylar yoqib yuborilgani haqidagi ma‘lumotlarni tekshirishlarini bildirgan.

Jangarilarning qarindoshlariga tegishli uylardan tashqari Grozniydagi "Qiynoqlarga qarshi qo‘mita" idorasiga ham o‘t qo‘yilgan.

Qo‘mita Chechenistonda faoliyat yuritayotgan kam sonli huquqni himoya qilish tashkilotlaridan hisoblanadi.

Huquq faollari qaltis vaziyatga qaramasdan, Chechenistonda ishlarini davom ettirmoqchilar.

Ularning fikricha, huquq faollariga nisbatan bosimlar qo‘mitani respublikadan chiqarib yuborishga qaratilgan amaldir.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002