Turkiya mahkamasi Fathulloh Gulenni hibsga olishga qaror bergan

Image copyright AP
Image caption Gulen Turkiyada davlat to‘ntarishini uyushtirishga harakatda ayblanadi

Istanbul mahkamasi turkiyalik islom ulamosi Fathulloh Gulenni hibsga olish haqida qaror chiqargan.

Janob Gulen Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘onning ashaddiy muxolifi sanaladi.

Ayni paytda AQShda muhojirotda yashaydigan Fathulloh Gulenga terroristik guruhga a‘zolik ayblovi ilgari surilgan.

Gulen Erdo‘g‘onning hokimiyatga kelgan payti uning yaqin hamkori bo‘lgan, biroq keyinchalik ularning qarashlari bir-biridan keskin farq qilgan.

Erdo‘g‘on Gulenni Turkiyada davlat to‘ntarishini uyushtirishga harakatda ayblaydi.

Yakshanba kuni Turk politsiyasi diniy ulamoga yaqinligi aytiladigan "Samanyolu TV" teleshirkati va "Zaman" gazetasi ofislarida tintuv o‘tkazgan.

Ayni vaqtda hakam gazeta redaktorini qo‘yib yuborgan, biroq telekanal boshlig‘i hibsda qolmoqda.

14 dekabr kuni kamida 24 turk jurnalisti hibsga olingan, ularga noqonuniy tashkilot tuzish va hokimiyatni noqonuniy bosib olishga urinish ayblovlari ilgari surilgandi.

Mamlakatda taniqli jurnalistlarning hibsga olinishi Turkiyadan tashqarida ham turli fikrlarga sabab bo‘lgan.

Ovro‘po Ittifoqi vakillari bu holatni erkin so‘zni bo‘g‘ish deya atashgan. Ovro‘po rahbarlari o‘tkazilgan reydlar va hibsga olishlar Ovro‘po qadriyatlariga to‘g‘ri kelmasligini ta‘kidlaganlar.

O‘z navbatida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on muxolifat jurnalistlarning hibsga olinishini qoralagan Ovro‘po Ittifoqiga qarata g‘azabnok nutq bilan chiqqan.

"Ovro‘po Ittifoqi o‘zining ishi bilan shug‘ullansin va xulosalari o‘zida qolsin", - degan u Turkiyada politsiya tomonidan o‘tkazilgan reydlar erkin matbuot tamoyillarining buzilishi degan tanqidlarga javoban.

Rajab Toyib Erdo‘g‘on, "nima, ular(ovro‘poliklar) to‘liq ishonch bilan murojaat qilishlariga qaraganda, bunday amaliyotlardan xabardor bo‘lganlarmi? Bizga bu haqda Ovro‘po Ittifoqi nima deyishining butunlay ahamiyati yo‘q. Ular bizga Ovro‘po Ittifoqi a‘zoligini berishlari yoki yo‘qligining ham", deb aytgan.

Image copyright bbc

Prezident Erdo‘g‘on Turkiyada muxolifatdagi Gulenning tarafdorlariga qarshi yangi kampaniya boshlashga va‘da bergandi.

Janob Erdo‘g‘onning so‘zlariga ko‘ra, bir necha marta huquq-tartibot idoralaridagi "gulenchilar"ni korruptsiya ayblovlaridan foydalanib, o‘zini qudratdan ag‘darishga erishmoqchi bo‘lganlar.

Erdo‘g‘onning sobiq hamkori Gulenning o‘zi Turkiyaning ichida parallel hukumat tuzganlikda ayblanadi.

Turkiyada janob Gulenning hammaslaklari ko‘p deb ishoniladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002