Human Rights Watch: Siyosiy mahbuslar ozod qilinishi kerak

Konstitutsiya kuni munosabati bilan O‘zbek rasmiylari siyosiy ayblovlar qo‘yilib qamoqqa tashlangan har bir kishini ozod qilishi lozim, deyiladi Human Rights Watch va "Markaziy Osiyoda inson huquqlari" birlashmasi e‘lon qilgan bayonotda.

Shuningdek, rasmiylar 2014 yilning sentyabrida hayotdan ko‘z yumgan, bo‘yniga siyosiy ayblov qo‘yilgan 37 yoshli Nilufar Rahimjonovaning hibsdagi o‘limi yuzasidan samarali tergov o‘tkazishi shart, deyiladi xalqaro tashkilotlar bayonotida.

O‘zbekiston hukumati minglab insonlar, shu jumladan, inson huquqlari va muxolifat faollari, jurnalistlar, taqvodorlar, san‘atkorlar va boshqa tanqidchilarning bo‘yniga siyosiy ayblovlarni qo‘ygan.

"O‘zbekiston hukumati dunyoning eng uzoq muddat tutqunlikda ushlab turilgan ayrim siyosiy faollarini, mustaqil jurnalistlarni va boshqa zo‘ravonlikka qo‘l urmagan namoyandalarni qamoqqa tashlagan va qiynoqlarga solgan", deydi Human Rights Watchning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlou. "O‘zbek hukumati shu fursatdan foydalanib o‘z asos huquqlarini tinch yo‘l bilan izhor etgani uchun noto‘g‘ri tutqunga aylantirilgan barchani, shuningdek, qamoq muddatlari o‘zboshimchalik bilan uzaytirilgan insonlarni ozod etishi lozim".

O‘zbek rasmiylari Konstitutsiya kuni munosabati bilan 7 dekabda amnistiya qildilar. Bu keyingi bir necha oy mobaynida minglab mahkumlarga taalluqlidir. O‘tgan yillarda kuzatilgani singari bu yilgi avf ham jiddiy bo‘lmagan qonunbuzarliklar sodir etganlar va ayollar va yoshi 60 dan oshgan demografik qatlamlar vakillariga tadbiq etiladi. Ammo siyosiy sabablar bilan qamoqqa tashlanganlar amnistiya bandlariga tushsalar ham kamdan-kam qo‘yib yuboriladilar. Ular hatto ozod etilganlarida ham bo‘ynilarida noqonuniy hukmlar qoladi.

Human Rights Watch o‘zining yaqinda e‘lon qilingan hisobotida O‘zbek rasmiylari "qamoq qoidalarini buzayotganlari"ni hujjatlashtirdi. Qamoq muddatini uzaytirish oxirgi yillarda siyosiy ayblovlar bilan qamalgan 44 insondan kamida 14 nafariga qo‘llangan, shuningdek, diniy ekstremizmga bog‘liq ayblovlar bilan mahkum qilinganlarga keng qo‘llanib keladi. Qamoq muddatini uzaytirishga arzimas vajlar, xususan, "ruxsatsiz" tirnoq olgich saqlagani, duo o‘qigani va oq ko‘ylak kiygani sabab qilib ko‘rsatiladi.

"Noqonuniy tutqun etilganlardan Muhammad Bekjonov, Akrom Yo‘ldoshev, Murod Jo‘rayev va Solijon Abdurahmonov keksa yoki betob. O‘zbekiston hukumati amnistiya dasturini keng tadbiq etishi kerak, tutqunlar bir kun ham panjara ortida qolmasliklari lozim", deydi "Markaziy Osiyoda inson huquqlari" birlashmasi prezidenti Nadejda Otayeva.

Asossiz qamoqqa tashlanganlar orasida o‘zlarining so‘z erkinligi huquqini tinch yo‘l bilan izhor etgan 14 inson haqlari himoyachisi bor: A‘zam Farmonov, Mehriniso Hamdamova, Zulxumor Hamdamova, Isroiljon Xoldorov, G‘aybullo Jalilov, Nuraddin Jumaniyozov, Matluba Kamilova, G‘anixon Mamatxonov, Cho‘yan Mamatqulov, Zafarjon Rahimov, Yo‘ldosh Rasulov, Bobomurod Razzoqov, Faxriddin Tillayev va A‘zam Turg‘unov.

Besh nafar jurnalist: Solijon Abdurahmonov, Muhammad Bekjonov, G‘ayrat Mixliboyev, Yusuf Ro‘zimurodov va Dilmurod Sayyid. To‘rt muxolifat faoli: Murod Jo‘rayev, Samandar Qo‘qonov, Qudratbek Rasulov va Rustam Usmonov. Uch mustaqil diniy arbob: Ruhiddin Faxriddinov, Xayrullo Hamidov va Akrom Yo‘ldoshev.

Yana olti kishi hukumat tanqidchisi deb ko‘riladi, jumladan, Botirbek Eshqo‘ziyev, Bahrom Ibragimov, Davron Kabilov, Erkin Musayev, Davron Tojiyev va Ravshanbek Vafoyev. Va Dilorom Abduqodirova 2005 yil 13 mayidagi Andijon qirg‘ini guvohi. Shu kuni O‘zbekiston hukumati qo‘shinlari yuzlab tinch namoyishlarni otib o‘ldirgan.

O‘zbek hukumati zudlik bilan siyosiy ayblovlar qo‘yilgan tutqunlarga nisbatan noqonuniy muomala qilingani da‘volarini tergov qilmog‘i, siyosiy tutqunlar muddati uzaytirilgan yopiq eshiklar ortidagi mahkamalarni qayta ko‘rib chiqmog‘i, barcha mahkumlarni tibbiy muolaja va xalqaro inson huquqlarida e‘tirof etilgan qarindoshlari bilan ko‘rishishlarini ta‘minlamog‘i lozim, deb chaqirishgan inson haqlari tashkilotlari.

Tashkilotlar 2011 yilda O‘zbek-Tojik chegarasini noqonuniy kesib o‘tishda ayblanib 10 yilga qamab yuborilgan Nilufar Rahimjonovaning Toshkent chetidagi Zangiota ayollar qamoqxonasidagi o‘limini mufassal tekshirishga chaqirganlar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002