Bahs: O‘zbekistonga saylovlar kerakmi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekistonda Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga saylovlar bo‘lib o‘tmoqda.

Davlat televideniyesining Markaziy Saylov Komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomovdan iqtibos keltirishicha. mahalliy vaqt bilan soat 13 da "saylovchilarning 50 foizdan ko‘prog‘i ovoz berib bo‘lgan".

Saylov mulozimi "hozirgacha ovoz berish jarayonida qonunbuzarliklarning qayd etilmagani" ham ta‘kidlagan.

Davlat xabar agentligi - O‘zA Prezident Islom Karimovning yakshanba kuni ertalab 644-saylov uchastkasida ovoz bergani haqida xabar tarqatgan.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, parlament saylovlaridan keyin 6 oy muddat ichida prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi kerak.

77 yoshni qarshilayotgan Prezident Islom Karimov shu yil boshida yana bir muddat prezidentlikka saylanishi mumkinligiga ishora qilgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim o‘zbekistonlik saylovchilar saylovni boykot qilganliklari va o‘z nomlaridan imzolangan saylov varaqasini noqonuniy deb hisoblash haqidagi bayonotlarni e‘lon qilishgan.

"Deputatlikka nomzodlardan birortasi mahallamizga kelib saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazyapti, degan gapni eshitganim yo‘q. Kim saylanayotganini ham bilmayman. Saylovga chiqish niyatim yo‘q. Bordiyu, ovoz berganlarning orasida mening nomim bo‘lsa, bilingki, bu firibgarlik", - deb yozadi o‘zbekistonlik Facebook foydalanuvchisi Abbos Asad.

Parlament saylovlari arafasida mamlakat bo‘ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, qamoqxonalarda karantin joriy etilgani xabar qilingan.

"Qo‘g‘irchoqlar saylovi"

Image copyright UzA
Image caption Prezident Karimov Toshkentdagi saylov uchastkasida ovoz bergan

Saylovlarda ishtirok etayotgan to‘rttala siyosiy partiya (Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi va "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi) ham hukumatparast partiyalardir.

O‘zbekistonda muxolif partiyalar faoliyati taqiqlangan.

Muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq Harakati bir bayonot chiqarib, saylovlarni "qo‘g‘irchoqlar saylovi" deb atagan va aholini ovoz berish jarayonini boykot qilishga chaqirgan.

"O‘zbek xalqi 25 yil va 6 oy davomida favqulodda holatda yashamokda. Bu muddat ichida xalqning moddiy va manaviy va zahiralari halokatli ravishda erib, tamom bo‘lish arafasida. Jamiyatda yo‘qsillik, jaholat va eng yomoni - umidsizlik hokim. Bu holatdagi xalq na erkin saylov, na-da hurriyatni uylaydi", deyiladi O‘XH avvalroq e‘lon qilgan bayonotda.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti saylovlarda raqobatning yo‘qligini aytib, O‘zbekistonga cheklangan kuzatuvchilar guruhini yuborishini aytgan.

Tashkilot O‘zbekistonda hozirga qadar o‘tkazilgan saylovlarning birontasini ham erkin va adolatli deb topmagan.

Shunday ekan, bu safargi saylovlar avvalgilaridan farqli bo‘ladi, deb ishonishga asos bormi?

Parlament va deputatlar amalda qanchalik qudratga ega?

O‘zbekistonga hozirgi ko‘rinishdagi saylovlar kerakmi?

BBC Toshkentdan Markaziy Saylov Komissiyasi raisining o‘rinbosari Svetlana Ortiqova hamda AQShda yashayotgan sobiq diplomat Toshpo‘lat Yo‘ldoshevlarni suhbatga tortgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002