AHRCA: "Norvegiya boshqa o‘zbeklarni O‘zbekistonga qaytarmaydi"

O‘zbekiston telekanalida Norvegiyada boshpana olgan o‘zbek qochqinlarni gomoseksualistlar va jihodchilar deya qoralagan dastur namoyish qilinishi ortidan Norvegiya hukumati boshqa o‘zbek fuqarolarini O‘zbekistonga qaytarmaslikka qaror qildi.

Markaziy Osiyodagi inson huquqlari (AHRCA) tashkiloti xabar qilishicha, Norvegiya muhojirat apellyatsion kengashi O‘zbekistonga fuqarolarni deportatsiya qilmaslik qarorini qabul qilgan.

O‘zbekiston davlat televideniyesi orqali namoyish qilingan "Xiyonat" nomli dasturda Ovro‘poda go‘yoki jihodchilar saflariga qo‘shilayotgan o‘zbeklar besoqolbozlikda ayblangan.

Birinchi kanal orqali ko‘rsatilgan dastur Norvegiyaga safar qilib qaytgan olti o‘zbekistonlikning Ovro‘poda diniy ekstremistlar ta‘siri ostiga tushib qolganlarini da‘vo qiladi.

"O‘zlarini Islomiy e‘tiqodda deb bilgan bu shaxslarning diniy ekstremistik guruhdagi rahnamolari fatvosi bilan Islom dinida o‘ta og‘ir gunoh sanalgan besoqolbozlik bilan shug‘ullanib kelganligiga nima deysiz?" - deya savol beradi boshlovchi.

"Xiyonat" filmi Norvegiyaga borib boshpana so‘ragan, biroq joriy yilda majburan O‘zbekistonga qaytarilgan sakkiz nafar qochqin bilan "suhbat"ga asoslanadi.

Markaziy Osiyodagi inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, mazkur odamlar o‘z vataniga qaytarilgach, ozodlikdan mahrum qilinganlar va telekameralar qarshisida yolg‘on ko‘rsatmalar berib, o‘zlarining go‘yoki sotqinliklari va ekstremistik guruhlarga aloqalari borligi haqida gapirishga majburlanganlar.

Tashkilotning aytishicha, O‘zbekistonga Norvegiyadan qaytgan 18 kishi hukumat tomonidan bosimlarga uchraganlar. Ularni so‘roq qilish orqali o‘zbek huquq-tartibot idoralari Norvegiyada istiqomat qilayotgan boshqa o‘zbek fuqarolari borasida ham ma‘lumotlarni undirib olganlari aytiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002