Olmoniya: Aksilislom mitingga 17000 namoyishchi to‘plangan

Image copyright Reuters

Sharqiy Olmoniyadagi Drezden shahridagi Islomga qarshi namoyish rekord darajadagi ko‘p ishtirokchini jalb qilgani Berlinda ko‘pchilikni larzaga solgan, deya xabar qilmoqdalar muxbirlar.

Bu mamlakatda o‘ng qanot siyosat tarafdorlari soni ortayotganidan dalolat va mamlakat siyosatchilarini xavotirga solmoqda.

O‘zini "G‘arb islomiylashishiga qarshi vatanparvar ovro‘poliklar" (Pegida) deb atagan guruh oktyabr oyidan buyon haftada bir namoyish tashkil qilib kelmoqda, guruhning 22 dekabr tunidagi so‘nggi mitingiga shu darajada ko‘p dastaklovchi yig‘ilgan.

Namoyishchilar Iso mavludi bayrami qo‘shiqlarini aytishgan, Olmoniyada muhojirlar va qochqinlar ko‘payib ketayotgani haqida ma‘ruza qilgan ma‘ruzachilarni tinglaganlar.

Drezden politsiyasi namoyishchilarning sonini 17500 atrofida deb sanagani haqida ma‘lum qilgan.

Bir hafta oldin Drezden shahridagi Semperorer kontsert zali tashqarisida 15000 namoyishchi to‘plangan edi.

"Natsistlardan xoli Drezden" deb nomlangan shior ostida taxminan 4500 kishi ham shahar ko‘chalari bo‘ylab yurish uyushtirganlar.

Klar Xolokost singari fojealarga yetaklaydigan irqchilik va ksenofobiyaga Olmoniyada joy bo‘lmasligi lozim, deb chiqishgan.

Biroq Pegidaning aksar dastaklovchilari o‘zlarini natsist emas, Olmoniyaning nasroniylikka asoslangan madaniyat va an‘analarini himoya qilish maqsadini ko‘zlagan vatanparvarlar ekanini aytadilar.

Olmoniya kantsleri Angela Merkel hamda boshqa siyosatchilar o‘z vatandoshlarini Pegida namoyishlariga chiqmaslikka chaqirib keladilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002