Rossiya: bolani garovga olgan shaxs o‘zbekistonlik

Image copyright Reuters

Rossiyaning Moskva viloyati Naxabino tuman politsiyasi 9 yoshli qizchani garovga olgan shaxsni ushlagan.

Politsiyaga ko‘ra, garovga olgan kishi O‘zbekiston fuqarosidir.

Aytilishicha, qurollangan shaxs dushanba kuni kechqurun keksa ayolning uyiga bostirib kirgan va uning nevarasini garovga olgan.

Politsiya kvartiraga shturm orqali kirib, garovdagi bolani qutqargani xabar qilinadi.

Garovgir politsiya bilan to‘qnashuvda yaralangan.

Ayni paytda u shifoxonada politsiya nazoratida saqlanmoqda.

So‘roq paytida o‘zbekistonlik ekani aytilayotgan shaxs o‘zining dastlabki maqsadi o‘g‘irlik bo‘lgani, qo‘lga tushishdan qo‘rqib bolani qamab qo‘yganini ma‘lum qilgan.

U Rossiyaga ish izlab kelgan va Kursk vokzali atrofida yashab, duch kelgan ishni bajarib yurgan.

O‘zbekistonlik fuqaro bir necha kun oldin elektrshoker va to‘pponcha sotib olgani va o‘g‘irlik qilishni rejalashtirganini gapirib bergan politsiyaga.

Keksa ayolning uyiga bostirib kirishi natijasida ayol qochishga muvaffaq bo‘lgan va politsiyaga xabar bergan.

Shundan so‘ng o‘zbekistonlik fuqaro bolani garovda ushlashda majbur bo‘lganini bildirgan.

Politsiya voqea yuzasidan jinoiy ish ochilgani va surishtiruv olib borayotganini xabar qiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002