“Islomiy davlat”ning jinsiy qullari

Iroqdagi yazidiylarga ko‘ra, “Islomiy davlat”jangarilari hamon ularning uch yarim ming xotin-qizlarini qul qilib ushlab turishibdi.

Aksariyat xotin-qizlar jinsiy qullikka majburlanmoqdalar.

Jangarilar changalidan qutulgan bir necha ayol o‘zlarining dahshatli taqdirlaridan hikoya qilishgan.

Avgust oyi kunlaridan birida Hannan o‘z yaqinlarining shosha-pisha ko‘ch-ko‘ronlarini yig‘ishtirayotganiga guvoh bo‘ladi.

U o‘zlarini “Islomiy davlat” deb ataydigan jangarilar bu qadar yaqinlashib qolishganiga ishongisi kelmas edi.

Ko‘chada tumonat odam...Sinjardan yazidiylar dod-faryod solib qochishar edi.

Tepadan o‘qlar uchayotgan edi.

U menga boshidan o‘tganlarini gapirib berar ekan, barmoqlarini asabiy qisirlatib o‘tirardi.

"Hannan” uning asl ismi emas.

Men sobiq tutqunlarning biror nafarini o‘z nomi bilan atay olmayman.

Hannan endi 18 kirdi va bir kuni hamshira bo‘lishni orzu qiladi.

Hannanning aytishicha, Sinjardan chiqadigan yo‘lni jangarilar to‘sib qo‘yishgan.

Sinjarga qaytishgach, xotin-qizlar boshqalardan ajratilgan.

"Ular yigirma nafarcha edi. Soqollari uzun va qo‘llarida qurollari bilan...Ular bizga Mosulga borishimizni aytishdi. Kaltaklashdi va majburlab mashinalariga mindirishdi”, deb xotirlaydi Hannan.

Oradan vaqt o‘tib ularni bir to‘yxonaga joylashtirishdi.

Bu 200 nafarcha xotin-qizlar yig‘ilgan qul bozori edi.

ID jangarilari kelishib o‘zlariga yoqqan qizlarni tanlab olishardi.

"Biz ularning ko‘ziga qarashga botinolmasdik. Qo‘rqar edik. Bir qiz qaytib kelib, qanday qilib jinsiy qullikka qolgani haqida gapirib berdi. Shundan keyin ID jangarilari hech qaysi qizni qaytarishmaydigan bo‘lishdi”, deydi Hannan.

"Ular bizni qo‘rqitish uchun ham o‘t ochishardi. Kimni istashsa olib ketishardi. Biz mudom yig‘lar edi. Biz o‘zimizni o‘ldirishni istar edik, ammo buning iloji yo‘q edi...”

Hannanning aytishicha, qizlardan biri o‘zini o‘ldiradi.

"Tomirlarini kesib tashladi...Biz unga yordam bermoqchi edik, qo‘yishmadi...U o‘ldi. “Buning ahamiyati yo‘q, bir joyga olib borib tashlaymiz jasadini”, deyishdi ular...”

Aksariyat mahalliy sunniylar bo‘lsa ham, jangarilar orasida xorijiylari ham bor edi.

Ulardan birini Hannan tanidi.

Bu jangari Sinjarda qo‘l telefonlari do‘koniga ega edi.

Yazidiylarning dinini eng ko‘p haqorat qiladigan ham shu bo‘ldi.

"Ular bizga “ ana, kofirlar, mana endi musulmon bo‘lib yashaysizlar”, deyishardi. Aksariyat qizlarni faqat jimo‘ uchun olib ketishdi”.

"Erkaklarimiz kuniga besh mahal namoz qilishardi bizni qutqarib qolish uchun...ID jangarilari bizga “agar Islomga amal qilmasangiz, o‘ldiramiz” deyishdi”.

IDning “poytaxti”sanalmish Raqqaga eng avval yoshroq qizlar olib ketilardi.

Nihoyat, Hannanning ham ketadigan kuni keldi.

Turfa aldovlar bilan ularni bir xonaga olib kirishdi.

Yetti kishi bir xonada qoldilar.

Ayrimlarni olib ketishar, zo‘rlab yana qaytarishardi.

Hech qayerdan umid yo‘q edi.

Ammo bu xonaning derazalari plastik edi.

Tunlardan birida ular bu eshikni ochishga muvaffaq bo‘lishdi.

“ Birma-bir chiqdik. Men beshinchi bo‘lib chiqdim. Tashqarida jiyanimni kutib o‘tirdim. Keyin... chiroq nuri yorishdi va yaqinlasha boshladi. Ortiq kutolmasdim va jon-jahdimiz bilan qochdik...Boshqalarga yordam berolmadik”.

Xamaning taqdiri

Image caption Qochishga joy yo‘q...

Boshqa bir jamloqda men “Xama” bilan uchrashdim. Uni Raqqaga olib ketishgandi.

U qocholmagan, ammo oilasi tomonidan to‘langan 3000 dollar garov puliga ozod qilingandi.

Xama 30 yoshda.

U qanday qilib o‘zini malaylikka sotganlarini dahshat bilan xotirlaydi.

Xama o‘zini arzimagan 13 dollarga sotishganini aytadi.

U va jiyanini g‘arb davlatlaridan birining pasporti bo‘lgan jangari sotib oladi.

Jangarining uyida besh nafar yazidiy xotin-qizlar bo‘lib, u bu yerda xotini bilan istiqomat qilardi.

Shunga qaramay jangari yana ikki yazidiy qizga majburan uylanmoqchi bo‘ladi.

Xamaga o‘xshaganlar esa uning malaylari edi.

Xamaning aytishicha, jangarining xotini bu holatdan mamnun emas edi.

"Kunlardan biri jangarining qo‘shnisi – shayx keldi va Abu Bakr al Bag‘dodiy bir xonadonga bir nafar qiz deb buyruq berganini aytdi”.

Qullik yo‘riqnomasi

Image copyright reuters
Image caption "Islomiy davlat" uchun Islom qadriyatlari bir pul...ayniqsa boshqa dinlarga munosabatda

"Islomiy davlat" uchun Islom qadriyatlari bir pul...ayniqsa boshqa dinlarga munosabatda

Aftidan, ID rahbarlari qul ayollarni qanday ishlatishga doir ko‘rsatma-qo‘llanma tayyorlashgan.

Guruhning Fatvolar va Tadqiqotlar bo‘limi chiqargan yo‘riqnoma “Tutqunlar va Qullarga doir savol-javoblar”deb ataladi.

Nasroniy, yahudiy va yazidiy ayollarni qul qilish mumkin deyiladi bu yo‘riqnomada.

Ayollarni sotib olish, sotish va tuhfa qilishga ham ruxsat berilgan.

Yo‘riqnomadan:

Savol: Qo‘lga tushgan ayol bilan darrov jimo‘ qilsa bo‘ladimi?

Javob: Agar u bokira bo‘lsa, uni tutgan shaxs darhol jimo‘ qilishi mumkin, ammo agar bokira bo‘lmasa, avval uning homilador emasligiga ishonch hosil qilsin.

Savol: Qul qiz hali balog‘atga yetmagan bo‘lsa, u bilan jimo‘ qilish mumkinmi?

Javob: Agar balog‘atga yetmagan bo‘lsa ham, jimo‘ga yarasa, ruxsat beriladi. Iloji bo‘lmasa esa jimo‘siz lazzatlansin.

Bu hujjat vahshatnokdir va Islom tamoyillariga, Payg‘ambar Muhammad (SAV) aytganlariga ziddir.

Amnesty International inson huquqlari tashkilotining chiqargan bayonotida bundan ham dahshatliroq hikoyalar bor.

Zotan, bu dahshatli hikoyalar ichida insoniylikning ajib, ammo oz bir misollari ham bor.

Bir jangarining xotini yazidiy qizaloqqa “o‘z onasiday bo‘lib qolgani” va yo yana boshqa bir mujohid 13 yashar yazidiy qizaloqni singlisi bilan sotib olib...keyin ozod qilgani...ana shunday oz, ammo inson nomini ulug‘lovchi misollardir...

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002