Indoneziya: yo‘qolgan uchoqning yo‘lovchilari jasadlari topilgan

Image copyright EPA

Indoneziya qutqaruvchilari xabar berishlaricha, AirAsia shirkati uchog‘i yo‘qolgani taxmin qilingan hududda bir nechta jasad topilgan.

Jasadlar harbiy kema bortiga chiqarib olingan. Aytilishicha, ularda qutqaruv kostyumlari bo‘lmagan.

Bundan oldin uchoqqa tegishli 10 dan ortiq katta-kichik buyumlar topilgani xabar qilingandi.

Qidiruv Yava dengizi hududidagi Kalimantan va Yava orollari o‘rtasida olib borilgan.

Jasadlar uchuvchilar yer bilan oxirgi marta aloqaga chiqqan joydan 10 km masofada topilgan.

Qutqaruv amaliyoti rahbari Bambang Sulistioning BBCga aytishicha, topilgan buyum va jasadlar AirAsia uchog‘iga kegishli ekaniga 95 foiz ishonadi.

Yo‘lovchilarning yaqinlari buning aksi bo‘lishini umid qilayotganlarini aytganlar BBCga.

Image copyright AP

AirAsia shirkati rahbari Toni Fernandes halok bo‘lgan yo‘lovchilar va ekipaj a‘zolari yaqinlariga chuqur ta‘ziya izhor etib, o‘zining qayg‘usini so‘z bilan ta‘riflash og‘ir degan.

Yavan dengizida boshlangan qidiruv ishlariga bir necha mamlakat qo‘shilgan.

Indoneziya Prezidenti Joko Vidodo qidiruv ishlarini shaxsan nazorat qilish uchun Kalimantanga borgan.

28 dekabr kuni Indoneziyaning Surabay shahridan Singapurga yo‘nalgan Aerobus A320-200 uchog‘i parvozdan 42 daqiqa o‘tgach, radarlardan g‘oyib bo‘lgan edi.

Uchoq bortida 17 bola doxil 155 yo‘lovchi va yetti ekipaj a‘zosi bo‘lganlar.

Yo‘lovchilarning asosiy qismi indoneziyalik, uch janubiy koreyalik, bir malayziyalik, bir singapurlik fuqarolar ro‘yxatga olingan.

Oldinroq Indoneziya qidiruv-qutqaruv ishlari rahbari uchoq dengiz ostida bo‘lishi mumkinligi ehtimolini bildirgandi.

AirAsia aviashirkatining QZ8501 nomerli uchog‘i Jakartada yer bilan aloqadan uzilgan.

Aloqa yo‘qolishidan avval uchoq Yava va Kalimantan orollari o‘rtasidagi Yava dengizi ustida bo‘lgan.

Bundan oldin uchoq ekipaji 10,500 m balandlikda dispetcherlardan quyuq tumandan chiqib olish uchun yana ikki km balandlikka ko‘tarilishni so‘ragan.

Indoneziya rasmiylariga binoan, uchoq biror bir fojea signallari bermagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002