Obama: Putin Qrimni olib katta xatoga yo‘l qo‘ydi

Image copyright Getty

Rossiyaga nisbatan sanktsiyalar Putin Qrimni anneksiya qilib, qanchalik yirik strategik xatoga yo‘l qo‘yganini ko‘rsatadi, deb aytgan AQSh Prezidenti Barak Obama Amerika Milliy jamoatchilik radiosida qilgan chiqishida.

Uning so‘zlariga qaraganda, bundan bir necha oy oldin Vashingtonda Putin haqida G‘arbni o‘zining usta siyosatchiligi bilan dog‘da qoldirib, Rossiya qudratini oshirdi deb qarashgan.

"O‘shanda men biz Rossiya bilan urush qilishni xohlamaymiz, lekin ovro‘polik hamkorlarimiz bilan birga unga zarur bosimlarni qo‘llashimiz mumkin", deb aytgandim.

Putin bizning hammamizni ustamonlik bilan aldadim va qo‘rqitdim, Rossiya mavqeini tikladim, deb o‘yladi.

Biroq, xalqaro sanktsiyalar Moskva uchun aynan muhim bo‘lgan neftning xalqaro bozordagi narxiga qaratildi. "Biz bu jarayonda Rossiya iqtisodini ushlab turadigan asosiy omil bu neft narxi ekanligidan kelib chiqdik, Kreml buni yo‘lga solishi juda mushkul", deb qayd etadi janob Obama.

Image copyright AFP

Bugunga kelib Putin u qadar ham aqlli ish tutmaganini avvalo Rossiya tashqarisidagilar tushuna boshlashdi, deydi u.

Qrim anneksiyasidan keyin shu yilning martidan boshlab G‘arbning, Yaponiya va Avstraliyaning Rossiyaga nisbatan sanktsiyalari bir necha bor kiritildi.

Sanktsiyalar orqasidan rublning dollar va yevroga nisbatan qadri 40 foizga kamaydi. Jahon banki Rossiyaning 2015-2016 yillar iqtisodi yomonlashishini bashorat qildi. Mutaxassislar 2015 yilda Rossiya iqtisodi retsessiyasini aytishmoqda.

Rossiyada davlat xarjlari deyarli to‘liq holda neft narxiga bog‘liq. Jahon bozorida neftning ikki baravarga arzonlashgani va sanktsiyalar tashqi mablag‘larni jalb qilishga yo‘l bermasligi Rossiyani o‘ta mushkul ahvolga solib qo‘yadi.

Oxirgi haftada biroz qaddini tiklagan rubl dollar va yevroga nisbatan yana pasaygani kuzatilgan. Bir dollar oldingi kunlardan 3,36 rubl arzonlashib, 54,96 rubl bo‘lgani qayd etilgan.

Shuningdek, neft barreli 57 dollargacha tushgan.

Putin- yil odami

Biroq yil oxirida o‘tkaziladigan an‘anaviy so‘rovlar Putining Rossiyada obro‘yi hanuz balandligini ko‘rsatadi.

Butun Rossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markaziga ko‘ra, Vladimir Putin yil odami sifatidagi so‘rovda 81 foiz, Dmitriy Medvedev 28 foiz, Sergey Shoygu 26 foiz ovoz olgan.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa ko‘ngilli chechen jangchilari Putinni G‘arb tahdididan himoya qilishini aytib chiqqan va Putinga sodiqlikka va‘da bergan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002