Ukrain millatchilari Stepan Banderani xotirlashdi

Image copyright EPA

Ukrain millatchilari Ikkinchi Jahon Urushi paytida Sovetlarga qarshi kurashgan Stepan Bandera sharafiga Kiyev bo‘ylab yurish qildilar.

Marshda so‘z olgan o‘ta o‘ng qanot "Svoboda" partiyasi rahbari Oleg Tyagnibok hukumatdan Banderaga "Ukraina qahramoni" unvonini qaytarib berishni talab qildi.

Ko‘plab rossiyaliklar Banderadan nafratlanishadi.

Prezident Vladimir Putin uni "Gitlerning sherigi" deb atagan edi.

Rossiya ruslarga nisbatan neonatsistlar tahdidi bo‘lgani uchun Ukraina sharqidagi bo‘lginchilarni qo‘llab-quvvatlashini aytadi.

Ikkinchi Jahon Urushi aks-sadolari

Yurish ishtirokchilari "Svoboda" va "Pravyy Sektor" guruhlari bayroqlarini ko‘tarib olgandilar.

Mazkur ikki guruh sobiq Moskvaparast prezident Viktor Yanukovichni ag‘darish harakatiga yetakchilik qilgandi.

Yurishda ishtirok etganlarning ba‘zilari millatchilarning Ikkinchi Jahon Urushi paytidagi liboslarini kiyib olgandilar.

Yurishda, hammasi bo‘lib, ikki yarim mingga yaqin odam ishtirok etdi.

Image copyright AP

Rossiyaning da‘vo qilishicha, Kiyevdagi marshda Rossiya Televideniyesining bir necha jurnalistiga hujum qilingan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi aytishicha, Kremlparast LifeNews telekanalining ikki ayol muxbiriga niqob kiygan shaxslar "hujum" qilganlar.

Hujumchilar ularning kamerasini buzib tashlaganlar va mobil telefonlarini o‘g‘irlaganlar, deyiladi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

"Bu Ukrainada matbuotning ta‘qib ostiga olinishiga yaqqol bir misoldir", - deb aytdi vazirlik so‘zchisi Mariya Zaxarova.

Ukrainaning Yunian Axborot Agentligi ma‘lum qilishicha, hodisa yuzasidan bir shaxs hibsga olingan.

Bandera Ukrainada ziddiyatli shaxs hisoblanadi.

Janob Yanukovich unga berilgan "qahramon" maqomini bekor qilgandi.

Aksilsovet qarshilik harakatiga yetakchilik qilgan esa-da, Bandera urush paytida natsistlar tomonidan qamoqqa tashlangandi.

U Sovet KGBsi tomonidan 1959 yilda Myunxenda otib ketilgandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02