"O‘zbek gazetalari dunyoga chiqmoqda"

O‘zbekiston Havo Yo‘llarining say‘i harakatlari bilan O‘zbekistonda nashr etilayotgan gazetalar dunyoni kezmoqda. Qanday borsa shunday qaytib kelmoqda.

Yo‘lovchilar ularga hatto qiyo ham boqishmaydi.

Shunday bo‘lsada, gazetalarning bozori kiosklarda unchalik chaqqon bo‘lmasa ham, meva-sabzavot ulgurji bozorida ancha chaqqon.

Makalatura qabul qilish joylarida uning kilosiga 500-600 so‘m berilsa, ulgurji bozorda uning kilosi 1500 so‘mni tashkil etadi. Sababi, gazetalar meva va sabzavotlarni o‘rash uchun qo‘l keladi va ularni saqlanish muddatini uzaytiradi. Mahsulotni chet elga eson-omon yetib olishini ta‘minlaydi.

Shuning uchun 2015 yil o‘zbek gazetalarining kelajagi porloq deb baralla aytsa ham bo‘laveradi. Bunga xech qanday shubha yo‘q. Chunki yangi yildan Rossiyaga meva va sabzavot eksportini yanada oshirish haqida kelishuv imzolangan. Bu o‘z o‘rnida upakovka materiallariga ehtiyojni oshiradi.

Yangi yil kelib yana obuna kampaniyasi dolzarb mavzu bo‘ladi.

Majburiy obuna qurbonlari ham unchalik qayg‘urishmasa ham bo‘laveradi. Gazetalar o‘qishga arzimasa ham, ularni boshqa yaxshi maqsadlarda ishlatish mumkin…Tag‘in noto‘g‘ri tushunmang… Siz qushlar uzumni cho‘qilab ketmasligi uchun, ko‘chatlarni o‘rashda yoki uyda bo‘yoq ishlarini qilganingizda gazetalarning asl qadriga yetasiz. Zar qadrini zargar biladi deganlaridek.., gazetalarimizning qadrini bozordagi pistachi xolalardan so‘rang. Agarda o‘sha gazetadan qilingan o‘rama qog‘oz bo‘lmasa, pista savdosi umuman kasodga uchraydi.

Hurmat bilan gazetxon.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002