EurasiaNet.org: "Rublning qulashi Markaziy Osiyolik muhojirlar uchun mavhumlik tug‘dirmoqda"

Markaziy Osiyodagi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlarni tahlil etib boruvchi EurasiaNet.org webportali Rossiyadagi mehnat muhojirlariga rubl qiymatining keskin tushishi ne qadar ta‘sir o‘tkazayotgani haqida maqola chop etgan.

Image copyright Reuters

Maqoladagi asosiy xulosa, Rossiya iqtisodining ortga keta boshlashi va milliy valyuta qiymatining tushishi millionlab Markaziy Osiyolik muhojirlarning maoshlarining pasayib ketishiga olib kelganidir.

Buning ustiga Rossiya rasmiylari mamlakatda qonuniy ravishda ishlamoqchi bo‘lgan muhojirlar uchun yangi va ko‘p mablag‘ talab qiluvchi talablarni kiritmoqdalar.

EurasiaNet.org muxbirlari bilan suhbatlashgan mehnat muhojirlarining ba‘zilari endilikda ortga qaytishni rejalayotganlarini aytishgan.

Maqolada Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisiga iqtibosan, Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining soni 3 millionga yaqin, deya keltirilgan.

Norasmiy taxminlarga ko‘ra, bu son ikki barobar ko‘proq bo‘lishi ham mumkin.

Yana norasmiy manbalarga ko‘ra, o‘zbekistonlik muhojirlarning uylariga yuborayotgan pullari O‘zbekiston Yillik Yalpi Ichki mahsulotining choragini tashkil qiladi.

Rossiya Markaziy Banki ma‘lumotlariga binoan, o‘zbekistonlik muhojirlarning vatanga yuborayotgan pullari 2014 yilning uchinchi choragida 9 foizga tushgan. Tahlilchilar bu pasayish yanada davom etishini taxmin qilmoqdalar.

Samara shahridagi do‘konlardan birida ishlovchi Farg‘ona viloyatidan bo‘lgan 29 yoshli Sherzodning aytishicha, uning oylik maoshi 18 ming rubl edi.

"Yaqin -yaqinlargacha, maoshim 500 amerika dollariga teng edi, keyinchalik 300 dollarga tushib ketdi", deya aytdi Sherzod EurasiaNet.org ga. U noyabr oyida uyga qaytib, endi Rossiyaga borish rejasi yo‘qligini bildirgan.

Bundan tashqari shu yil 1 yanvardan boshlab Rossiyada ishlashni istagan muhojirlar uchta maxsus imtihondan o‘tishlari kerak. Shuningdek, tibbiy tekshiruvdan o‘tish va tibbiy sug‘urtaga ega bo‘lish ham talab qilinadi. Bularning hammasi uchnu esa 30 ming rubldan ko‘proq harajat kerak.

Moskva shahar ma‘muriyati esa patent olish uchun oylik haqni uch barobarga oshirib, 4 ming rubl etib belgilagan.

Farg‘ona viloyatilik Sherzodning aytishicha, maoshlari pasayib ketayotganligi voqeligiga yuz tutayotgan ko‘plab o‘zbeklar o‘zlarini qayerga urishni bilmay qolganlar.

"Ko‘plar uyga qaytmoqchilar. Lekin hatto chipta olgani pullari yo‘q", deydi u.

Ba‘zilar esa bo‘sh cho‘ntak bilan uyga kirib borishdan uyalmoqdalar.

Rossiya matbuoti o‘zbek jamoasi rahbarlaridan birining so‘zlarini keltirib, kelgusi oylarda o‘zbekistonliklarning choragi uyga qaytishga majbur bo‘lishlari mumkinligini xabar bergan.

Ayni vaqtda O‘zbekistondagi ba‘zi do‘kondorlarning aytishlaricha, mamlakatga Rossiyadan dollar kelishi pasayishi bilan o‘zbek valyutasi qiymati ham tusha boshlagan. Ularning taxminiga ko‘ra, o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan 15 foizga tushgan.

O‘zbekiston rasmiylari va yirik biznes egalari uyga qaytishi kutilayotgan mehnat muhojirlarini "kutib olish"ga tayyor ekanliklarini aytadilar.

Farg‘ona vodiysidagi qurilish shirkatlaridan biri rahbari Nazirjonning EurasiaNet.org ga aytishicha, mamlakatda ko‘plab yirik qurilish loyihalari amalga oshirilmoqda.

"Butun mamlakat bir katta qurilish maydonidir. Muhojirlar qaytishsa, shu yerda ish topishlari mumkin", deydi sobiqan hukumat rasmiysi bo‘lgan Nazirjon.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer