"Afg‘onistonda birorta ham xorij askari qolmasligi mumkin"mi?

Image copyright AFP

Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘anining aytishicha, agar sharoit imkon bersa, qolgan xorijiy ittifoq qo‘shinlari 2016 yil oxirigacha afg‘on tuprog‘ida ushlab turilmasligi mumkin.

O‘zbekiston doxil mintaqa davlatlari esa, xorijiy kuchlarning Afg‘onistonni butkul tark etishidan xavotirda.

Prezident G‘ani bu haqda Amerikaning CBS televizion kanaliga bergan suhbati chog‘ida bildirgan.

Aynan afg‘on rahbari va rasmiy Vashington o‘rtasida o‘tgan yil oxirida imzolangan muhim xavfsizlik bitimi esa, 13.000 ga yaqin xorijiy ittifoq qo‘shinlari va ular qator harbiy bazalarining Afg‘onistonda 2016 yilning so‘nggiga qadar qolishlarini ko‘zda tutadi.

Afg‘oniston sobiq prezidenti Homid Karzay ushbu kelishuvni imzolashni qariyb bir yilcha ortga surgan, mazkur holat ikki davlat orasidagi munosabatlarga jiddiy nifoq solgandi.

AQSh rahbariyati esa, rasmiy Kobul so‘zlariga quloq tutmasa, shu yil boshiga qadar Afg‘onistonda biror bir harbiylari qolmasligi bilan tahdid ham qilgandi.

Shu bois ham, o‘tgan yil sentyabr oyida Afg‘onistonda iqtidorga kelishi ortidanoq mazkur bitimni imzolashi yangi afg‘on prezidentining katta yutug‘i sifatida baholangandi.

Afg‘on tuprog‘ida qolishi rejalangan qo‘shinning aksariyatini esa, AQSh harbiylari tashkil etishadi.

G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining 2014 yilgi ommaviy safarbarligi va yarim yillik saylov bo‘hroni sabab, butun Afg‘oniston bo‘ylab Tolibon va uning ittifoqchilari qayta faollashishga muvaffaq bo‘lisharkan, har ikki tomon ham chet ellik harbiylarning afg‘on tuprog‘ida kamida ikki yil qolishlari muhimligini urg‘ulashgandi.

Orada AQSh Prezidenti Barak Obama Afg‘onistonda qolajak xorijlik harbiylarning vakolatlarini ham kengaytirgan, o‘zlariga xavf solgan taqdirida, toliblarga qarshi jang olib borishlariga ham izn bergandi.

Bugunga kelib, prezident G‘anining o‘z televizion suhbatida aytishicha, ana shu xavfsizlik bitimida ko‘zda tutilgan muddat "qayta ko‘rib chiqilishi" mumkin.

Afg‘oniston rahbariga ko‘ra, "yakuniy muhlat, degani - qotib qolgan narsa bo‘lmasligi kerak".

Shunday ekan, prezident Ashraf G‘anining bugungi mavqei nimani anglatadi? - Turkiyadan siyosiy tahlilchi, sobiq afg‘on diplomati Abdulsalom Osim bu va boshqa savollarga mana bunday javob beradi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘tgan yilgi ommaviy safarbarlikka Tolibon AQSh boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining mag‘lubiyati sifatida baho bergan.

O‘z navbatida, "qolgan ishg‘olchi kuchlarni ham siqib chiqarib, Afg‘onistonda sof islomiy davlat barpo etishga" va‘da qilgan.

"Agar, har ikki tomon va yoki qator ittifoqchilarimiz o‘z oldlariga qo‘ygan maqsadlarini uddalashsa va bu haqiqatan ham samara bersa, bitimda ko‘zlangan muddatni qayta ko‘rib chiqishga borilishi mumkin", - deb aytgan janob G‘ani.

Barak Obamaning bundan qanchalik ogoh ekani haqida so‘ralganda esa, Afg‘oniston rahbari: "Prezident Obama meni biladi. Buni bir-birimizga aytib o‘tirishimizning hojati yo‘q", - deb javob bergan.

Xavotirlar

Image copyright Reuters

So‘nggi yillarda Afg‘oniston masalasiga tez-tez e‘tibor qaratayotgan O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov ham yaqinda qilgan chiqishida ommaviy safarbarlik ortidan ham, xorijiy ittifoq qo‘shinlarining afg‘on tuprog‘ida qolishlari muhimligini urg‘ulagandi.

O‘zbekiston rahbari qo‘shni Afg‘onistondagi voqealarning rivoji buni taqazo etishini bayon qilgandi.

Rasmiy Toshkent xorijiy ittifoq qo‘shinlari butkul chiqib ketishsa, shundoqqina biqinlarida joylashgan Afg‘onistonning bangivor, turli ekstremistik guruhlar uyasiga aylanishi va fuqarolar urushi girdobiga botishidan xavotirda.

O‘zbekiston tomoni Afg‘onistondagi beqarorliklar ortidan toliblarning qudratga kelishi o‘z mamlakati bilan bog‘liq ekstremist guruhlarning jonlanishiga sabab bo‘lishidan ham jiddiy tashvishda.

So‘nggi yillarda AQSh boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining 2001 yilgi ishg‘oli ortidan, Afg‘onistondan Pokistonga qochib o‘tgan va Tolibon harakatining yaqin ittifoqchisi sifatida ko‘riluvchi O‘zbekiston Islomiy Harakati qayta faollashishga muvaffaq bo‘lgan.

Image copyright AP

Harakat yaqinda hozir dunyodagi "eng boyi va qudratlisi", deb ko‘riluvchi Iroq va Suriyadagi "Islomiy Davlat" guruhini dastaklashini ham rasman bayon qilgan.

Harakat hozir Afg‘onistonning aynan O‘zbekistonga tutash shimoliy mintaqalariga qaytish va hatto, Qunduz kabi viloyatlarida o‘z qarorgohlarini tiklashgacha borgani aytiladi.

Afg‘onistonda Tolibon tuzumi amalda bo‘lgan 90-yillar o‘rtalarida rasmiy Toshkentning jiddiy xavotirlariga sabab bo‘lgan guruh, ayrim mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, bugun Markaziy Osiyo va Afg‘oniston chegarasida yangi bazalarini o‘rnatishga urinmoqda.

Jumladan, asli pokistonlik tahlilchi Ahmad Rashid Afg‘oniston bilan qariyb 2.000 chaqirimlik chegaraga ega ekanliklarini nazarda tutib, tahdid qarshisida eng zaif mamlakatlar - Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston, deydi.

Tahlilchiga ko‘ra, ular Tojikiston janubi, Pokiston shimoli-g‘arbidagi chegara va Afg‘oniston sharqiga osongina qo‘l uzatish mumkin bo‘ladigan yirik hududni egallab olish istagidalar.

Prezident Karimov esa, so‘nggi chiqishlarida Afg‘onistondagi vaziyat Iroqdagisi kabi tus olib ketishidan ham jiddiy xavotir bildira boshlagan.

Afg‘onistonda qolgan xorijiy ittifoq qo‘shinlari Bosh qo‘mondoni general Jon Kempbell esa, prezident G‘ani bilan barobariga qilgan chiqishida afg‘on xavfsizlik kuchlariga ishonishini aytgan.

Afg‘oniston Suriya va Iroqdagisiga o‘xshab, jangari guruhlarning qo‘llariga o‘tib qolmasligiga ishonchi komilligini bildirgan.

Ammo Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi hisobotida aytilishicha, aynan xorijiy ittifoq qo‘shinlari safarbarligi bilan kechgan 2014 yil Afg‘oniston uchun eng qonlisi bo‘lgan.

Tolibon doxil turli isyonchi guruhlarga qarshi kurashda 5 mingga yaqin afg‘on harbiysi hayotdan ko‘z yumgan.

"Harbiy tanlov ish bermaydi"

Rasmiy Toshkent, yillarki, afg‘on mojarosining yechimida harbiy tanlov ish bermasligi va faqat tinchlik muzokaralari yakuniy yo‘l bo‘lishini urg‘ulab keladi.

Jumladan, Islom Karimovning chiqishlariga tayanilsa, Afg‘onistondagi turli muxolif guruhlar bir murosaga borishlari va mamlakatdagi barcha yirik millat vakillarini o‘z ichiga olgan hukumat tuzilishi lozim.

O‘zbekiston tarafining ishonishicha, tomonlar muzokaralarga biror bir shartlarsiz borishlari, aks holda jarayon chippakka chiqib, tanglik yanada kuchayishi va oldi olinishi lozim bo‘lgan qarama-qarshiliklarga olib kelishi mumkin.

O‘z o‘rnida shuni ham eslatib o‘tish joizki, barcha manfaatdor tomonlar, jumladan, qudratli G‘arbning ham o‘tgan 13 yil davomida, hatto, ayrim shartlariga ko‘ngan holda Tolibon harakati bilan tinchlik muzokaralari olib borish urinishlari deyarli samara bermagan.

Shartsiz muzokaralarga esa, harakat shu paytgacha biror bir ro‘yxushlik ko‘rsatmagan.

Image copyright ALAMY

Saflari tarqoq ekani aytilishiga qaramay, Afg‘oniston Tolibon harakati rahbari Mulla Muhammad Umar afg‘on tuprog‘ida biror bir xorijiy askar qolar ekan, umuman muzokaralarga bormasligini aytib keladi.

O‘zbekiston prezidenti o‘tgan yilgi chiqishlarida Afg‘onistondagi so‘nggi prezidentlik saylovlari jarbdiyda afg‘on xalqiga tinch hayot eshigini ochishiga ham umid bildirgandi.

Janob Karimov har gal Afg‘oniston borasida o‘z aqllari bilan siyosat yuritishlari va o‘zlariga manfaat beradigan ishlarni qilishlarini alohida ta‘kidlab keladi.

Prezident Islom Karimovning urg‘ulashicha, Afg‘oniston masalasida betaraf siyosatlariga sodiq qolishadi va u yerda muxolifatda bo‘lgan biror bir guruhni qo‘llash niyatlari yo‘qdir.

O‘zbekiston rahbarining urg‘ulashicha, Afg‘oniston bilan doimo ikki tomonlama munosabatda bo‘lishgan va bundan keyin ham xuddi shu tariqa yo‘l tutishadi.

So‘nggi yillarda Afg‘oniston masalasiga bir necha bor to‘xtalib o‘tgan prezident Karimov, hatto, eng qudratli davlatlar bo‘lmaydimi, hozir dunyoda hech kim afg‘on mojarosining ertangi yechimi nima bo‘lishini bilmasligi, mavjud vaziyat o‘zlarini jiddiy tashvishga solayotganini ham ta‘kidlagandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002