Rossiya "Islomiy Davlat"ni terrorchi deb topdi

Image copyright Getty

Bunday qarorga Rossiya Oliy mahkamasi kelgan.

Oliy mahkamaning bu kabi qarori ortidan, "Islomiy Davlat" guruhining faoliyati Rossiyada rasman taqiqlangan.

"Islomiy Davlat" bilan birga "Jabhat al-Nusra li-Ahl ash-Shom" (Suriya Ahlini Himoya Qilish Jabhasi) guruhi ham Rossiyaning "qora ro‘yxati"ga tushgan.

Bu guruh ham Rossiya Oliy mahkamasi tomonidan "terrorchi tashkilot", deb e‘lon qilingan, uning Rossiyada biror bir ko‘rinishda ish olib borishi qonunan man etilgan.

Xabarlarga ko‘ra, bunday so‘rov bilan Rossiya Oliy mahkamasiga mamlakat Bosh prokuraturasi murojaat qilgan.

Rossiya Bosh prokuraturasi Oliy mahkamadan bu ikki guruhni "terrorchi", deb e‘lon qilishini so‘ragan.

Ikkovlon so‘nggi yillarda Yaqin Sharqdagi eng jangovar jihodchi guruhlardan sanalishadi.

O‘tgan bir necha oyning o‘zida Iroq va Suriyadagi kattagina hududlarni bosib olib, o‘z islomiy xalifaligini e‘lon qilgan "Islomiy Davlat" esa, joriy paytda barcha jangari guruhlar orasidan "eng boyi" va qudratlisi sifatida e‘tirof etilmoqda.

Joriy paytda bu mutaassib jihodiy guruh a‘zolarining soni 30 mingdan ortishi va ular saflarida dunyoning deyarli har burchagidan jang qilish uchun kelayotgan insonlarning borliklari aytiladi.

Mahalliy faollarga ko‘ra, "Islomiy Davlat" o‘tgan yarim yil ichida birgina Suriyaning o‘zida ikki mingga yaqin kishini otib tashlagan, boshini tanasidan judo qilgan va toshbo‘ron qilib o‘ldirgan.

Diniy va milliy ozchiliklarga qarshi shafqatsiz qatag‘onlarga qo‘l urgan.

Xuddi shu o‘rinda alohida ta‘kidlash joiz, Rossiya - bu ikki guruhni "terrorchi", deb e‘lon qilgan birinchi MDH davlati bo‘ladi.

Rossiya va "Islomiy Davlat"

Image copyright petrovka38.ru

Rossiya Aksilterror Milliy qo‘mitasining yaqinda e‘lon qilgan ma‘lumotlariga tayanilsa, shu kunlarda 800 dan 1500 tagacha rossiyalik "Islomiy Davlat" guruhi saflarida jang qilayotgan bo‘lishi mumkin.

Bundan avval Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston mulozimlari Suriya va Iroqdagi bu guruhga qo‘shilgan fuqarolarining soni yuzlab ekani haqida aytib chiqishgandi.

Rossiya Aksilterror Milliy qo‘mitasi vakillariga ko‘ra, joriy paytda "Qofqoz Amirligi"("Imarat Kavkaz") va "Hizb ut-Tahrir" tarafdorlari "Islomiy Davlat" saflarida o‘zlarining jangovar salohiyatlarini oshirishmoqda.

Rossiyalik mas‘ullarning aytishlaricha, ulardan bir qismi ortga "aniq vazifa va maqsad" bilan qaytishadi.

Agar, ularning so‘zlariga tayanilsa, fuqarolari internet orqali islomiy jangarilar saflariga yollanishmoqda.

Rossiya Aksilterror Milliy qo‘mitasi vakili Andrey Prjezdomskiyning ma‘lum qilishicha, internetda ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib etish bilan shug‘ullanuvchi 10000 ga yaqin portal bor.

Janob Prjezdomskiyga ko‘ra, hozirga kelib, internetga nafaqat diniy va‘zlar, balki odamlarni jangarilikka o‘rgatuvchi yo‘l-yo‘riqlar ham yuklanmoqda.

Rossiyalik mas‘ullarning bayon qilishlaricha, so‘nggi yillarda shundoq ham jangarilarning ko‘plab liderlarini o‘ldirishgan. Turli ekstremistik guruhlar o‘rtasidagi aloqalarni izdan chiqarishga muvaffaq bo‘lishgan.

Agar, ular keltirgan ma‘lumotlarga tayanilsa, birgina joriy yilning o‘zida Shimoliy Qofqozda yetmishdan ortiq aksilterror amaliyotlari o‘tkazilgan. Jangari ekani taxmin etilgan 243 shaxs o‘ldirilgan.

"Islomiy Davlat" va global jihod

Image copyright AFP

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, bundan keyin ham butun dunyodan jihodchilarning Iroqqa yig‘ilish tendentsiyasi borgan sari kuchayib boradi va yaqin yillar ichida asosiy kurash nuqtasi ham ana shu Iroq bo‘ladi.

Ularning aytishlaricha, "Islomiy Davlat" e‘lon qilgan jihod, guruhning global Islomiy xalifat barpo etish g‘oyasi, G‘arbga qarshi mavqei va bu yo‘lda erishayotgan yutuqlari radikal qarashdagi insonlarni o‘ziga jalb etishda davom etadi.

Ayrim mintaqa davlatlari esa, xuddi shu manzarada allaqachon o‘z fuqarolarining "Islomiy Davlat" nazorati ostidagi hududlarga safar qilishlarining oldini olish yo‘lida qator chora-tadbirlarga ham qo‘l ura boshlashgan.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston Islomiy Harakati butun MDH davlatlari orasidan birinchilardan bo‘lib "Islomiy Davlat"ni dastaklashini oshkora bayon etgan jangari guruhlardan biri bo‘ladi.

Boshqa tomondan, ayrim tahlilchilarga ko‘ra, agar, mintaqadagi boshqa isyonchi guruhlar va qo‘mondonlar ham "Islomiy Davlat" guruhini tanlaydigan bo‘lishsa, bu – O‘zbekistonning shundoqqina biqinidagi Afg‘oniston va Pokistonga eng avvalo shafqatsiz jang usullarining kirib kelishiga zamin yaratadi.

Yaqinda Rossiya va O‘zbekiston oliymaqom muzokaralari yakunida Prezident Putin bilan matbuot brifingida gapirgan Prezident Karimov "Islomiy Davlat" guruhi allaqachon Afg‘onistonga sizib kirayotgani va mavjud vaziyat tegishli choralar ko‘rishni taqozo etishini bayon qilgandi.

So‘nggi oylarda janob Karimov G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining ommaviy safarbarligi ortidan, qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat Iroqdagisi kabi tus olib ketishidan oshkora xavotir bildira boshlagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002