O‘zbekiston parlamentiga saylovlarning yakuniy natijasi e‘lon qilindi

Image copyright AP

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan takroriy ovoz berish bosqichini hisobga olgan holda Oliy Majlis qonun chiqaruvchi palatasi deputatlari saylovining yakuniy natijalarini e‘lon qildi.

Dushanba kuni Markaziy saylov komissiyasi saylovlarning ikkinchi bosqichida saylangan 22 nafar deputatlarni qayd qildi va 135ta saylov okruglarining barchasida saylovlar nihoyasiga yetganini bildirdi.

21 dekabrda bo‘lib o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra, 113ta okrugda deputatlar saylanganlar. Ayni kunda Ekologik harakatdan 15 deputat saylangan. Hech qaysi nomzod yetarlicha ovoz ola olmagan 22 okrugda esa 4 yanvarda takroriy ovoz berish jarayoni o‘tkazilgan.

Yakuniy natijalarga qaralsa, 135 saylangan deputatdan 52 nafari Liberal-demokratik partiya, 36 nafari "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi, 27 - Xalq-demokratik partiyasi va 20 - "Adolat" sotsial-demokratik partiyasidandir.

Saylangan deputatlarning 16 foizi ayollardir. Yangi palatadagi 40 deputat avval ham qonun chiqaruvchi palatasining deputati bo‘lib faoliyat yuritganlar.

Jurnalistlar bilan dushanba kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirza-Ulug‘bek Abdusalomov saylovlar "milliy saylov qonunchiligi, hamda unda biriktirilgan oshkoralik, shaffoflik va muqobillik omillari asosida" o‘tkazilganini aytdi.

Biroq, saylovlarni bevosita kuzatgan Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining cheklangan kuzatuvchilar guruhi O‘zbekistondagi parlament saylovlari "haqiqiy raqobatsiz" o‘tganini aytgan.

O‘zbekiston prezidentligiga saylovlar joriy yilning 29 martida o‘tkazilishi mo‘ljallangan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002