"Avstraliyada Avstraliyadan o‘ch olamiz"

Image copyright AP

Futbol bo‘yicha 2015 yilgi Osiyo Kubogiga sanoqli kunlar qolar ekan, O‘zbekistondagi futbolga ixtisoslashgan turli internet nashrlari muxlislarning yuzlab izohlariga to‘lib-toshgan. Ayrim ishqibozlar esa, hatto, she‘rlar bitishgacha borishgan.

O‘zbekistonlik futbolchilarni, "Vatan uchun, qora ko‘z xalq uchun o‘ynash"ga da‘vat etarkan, shu kabi ishqibozlardan biri, "termamizdan umidimiz katta, ancha vaqtdan buyon to‘shakda yotgan dadamning ham hozirgi eng katta orzusi yurtining chempion bo‘lishi", - deb yozgan.

Kimlaridir allaqachon Avstraliyaga yetib borgan milliy terma jamoa tarkibiyu, Bosh murabbiyning tanlovidan norozi bo‘lsa, boshqasi qanday qilib uni shakllantirish yo‘lida uzundan-uzoq maslahatu tavsiyalari bilan o‘rtoqlashgan.

Yana birlari Avstraliyadagi "Osiyo Kubogi jamoaning o‘tgan yilgi jahon chempionati saralash bahslaridagi "ayblarini" yuvishning bir imkoniyati ekani"ni da‘vo qilgan.

O‘zbekistonlik futbolchilarning faqat eng so‘nggiga kelibgina Braziliyaga borish baxtidan mosuvo qolishi esa, ko‘plab ishqibozlarning hafsalasini pir qilgan:

O‘zbekistondagi turli internet nashrlariyu ijtimoiy muloqot tarmoqlari ularning norozi fikrlariga to‘lib-toshgandi.

Image copyright Reuters

Chunki agar, o‘shanda to‘plar nisbatidagi farq pand bermaganda, O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatiga naqd yo‘llanmani qo‘lga kiritgan bo‘lardi.

Avstraliyadagi Osiyo Kubogi esa, milliy terma jamoa 2014 yilgi jahon birinchiligi ortidan g‘oliblik uchun bellashayotgan birinchi nufuzli turnir bo‘ladi.

"Oq bo‘rilarga oq yo‘l"tilab she‘r bitishgacha borgan o‘zbekistonlik yana bir futbol ishqibozi Xushnudjon esa:

"Kelmasin darvozamizga gollar paydar-pay bo‘lib,

Bo‘lmasin bahona, hakamlar, iqlim yoki o‘zga joy bo‘lib,

Libosingizda turibdi ramz muxlis umidi jam bo‘lib,

Oshiyoningizga faqat yutuqla qayting", - deya da‘vat etarkan,

"Siz deb, keraylik bir o‘zbek ko‘ksimiz", - degan istaklarni izhor etgan.

Xushnudjonga o‘xshab uff.uz web sahifasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgan o‘zbekistonlik boshqa bir futbol muxlisi(LEGIONER_UZB93) esa, "Shunday o‘yin ko‘rsatingki, Avstraliya, Yaponiya, Eron, "FAQAT O‘ZBEKISTONGA TUShIB QOLMAYLIK", deb duo qilishsin", - derkan, "to‘g‘ri, maydonda juda og‘ir, lekin hammamiz bir yoqadan bosh chiqarsak, bizdan kuchli jamoa yo‘q Osiyoda", - deydi.

"Yaponiya kim bo‘pti, ikkinchi tarkibimiz yanchib tashlagan ularni, Avstraliya kim bo‘pti, yoshlarimiz 4:0 ga yutgan ularni, Eron esa, shunchaki omadi kelgan jamoa, xolos...Avstraliyada Avstraliyadan o‘ch olamiz, Xudo xohlasa", - derkan, LEGIONER_UZB93 o‘z kommentining so‘nggida yirik-yirik harflar bilan, "OOOLLG‘G‘AAA O‘Z-BE-KIS-TOOOONNN!!!", deya "hayqirish"ni ham unutmagan.

Qit‘aning 16 milliy terma jamoasi g‘oliblik uchun bellashuvchi bu yilgi Osiyo Kubogi 9 yanvar kuni Avstraliyada start oladi va Osiyoning yangi chempioni 31 yanvar kuni aniqlanadi.

Avstraliya yashil maydonlarida to‘p suruvchilar orasida esa, to‘rt karra Osiyo chempioni va amaldagi kubok sohibi Yaponiya doxil qit‘aning eng kuchli milliy terma jamoalari jamuljam.

Bu - O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun o‘zlari ketma-ket oltinchi bor ishtirok etayotgan Osiyo Kubogi bo‘ladi.

O‘zining qisqa tarixida ikki karra turnirning chorak finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgan jamoa 2011 yil Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogida o‘zining eng yuksak natijasini qayd etadi - yarim final bosqichiga chiqib, qit‘aning eng kuchli to‘rtta milliy terma jamoasidan biriga aylanadi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, o‘zbekistonlik futbolchilar o‘shanda aynan bu yilgi mezbon - Avstraliyaga yengilib, o‘z tarixlarida ilk bor Osiyo Kubogining finaliga chiqish imkoniyatidan mosuvo qolishadi.

O‘zbekiston 2011 yilgi Osiyo Kubogining yarim finaliga qanday qilib chiqqandi? - maxsus fotoreportajimizda tomosha qiling.

Shuni ham ta‘kidlash kerakki, bu yilgi Osiyo Kubogiga muddatidan ilgari yo‘llanmani qo‘lga kiritgan O‘zbekiston kengurular yurtida Markaziy Osiyoni namoyon etayotgan yagona milliy terma jamoa bo‘ladi.

Bu yil bir qancha yoshlar jalb etilgan esa-da, jamoaning o‘zagini Qatardagi Osiyo Kubogi ishtirokchisi bo‘lgan futbolchilar tashkil etishadi, ular yana o‘zbekistonlik nomdor futbolchi, ikki karra "Osiyoning eng zo‘r o‘yinchisi" Server Jeparov sardorligi ostida maydonga tushishadi.

O‘zbekiston bu yilgi Osiyo chempionligi uchun kurashini yangi Bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov qo‘l ostida "V" guruhida Shimoliy Koreya, Xitoy va Saudiya Arabistoniga qarshi boshlaydi.

Futbolga ixtisoslashgan turli xalqaro internet nashrlarida keyingi bosqichda chiqishda O‘zbekiston guruh favoritlaridan biri sanalayotgan esa-da, uch karra Osiyo chempioni va jahon chempionati ta‘mini ham yaxshigina tatigan Saudiya Arabistoni ham bo‘sh kelmasligini bashorat qilayotganlar oz emas.

O‘zining yaqin tarixida ikki bor Sharqiy Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan Xitoy milliy terma jamoasi esa, 1984 va 2004 yillarda Osiyo Kubogining finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Yarim asrdan ortiq futbol tarixiga ega ekaniga qaramay, O‘zbekistonning Avstraliyadagi dastlabki raqibi Shimoliy Koreya uchun bu yilgi Osiyo Kubogi to‘rtinchisi bo‘ladi. Milliy terma jamoa ilk ishtirokidayoq turnirning yarim finaliga chiqqan.

Ammo, ta‘kidlash joiz, bu kabi rekord natijasini jamoa bundan 35 yil muqaddam, ya‘ni 1980 yilda qayd etgan.

Image copyright AFP

O‘z o‘rnida, shuni ham unutmaslik kerakki, Shimoliy Koreya o‘tgan yilgi Osiyo O‘yinlarining final bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Qo‘shnisi Janubiy Koreyaga yengilgan esa-da, O‘yinlarni kumush medali bilan yakunlagan.

Milliy terma jamoa, yana shuningdek, Avstraliyadagi turnirda 2014 yilgi Osiyo Chaqiruv Kubogi g‘olibi sifatida ishtirok etadi.

O‘zbekiston va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi dastlabki bellashuv 10 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi va Toshkent vaqti bilan kunduzgi 12:00 da boshlanadi.

Agar, ayrim ma‘lumotlarga tayanilsa, bo‘lajak raqiblar bungacha bir-birlariga qarshi besh bor maydonga tushishgan: Uch bor O‘zbekiston g‘alaba qozongan bo‘lsa, qolgan ikki uchrashuvlarini jamoalar durang hisobi bilan yakunlashgan.

Rasmiy xabarlarda 4 yanvar kuni Avstraliyaga yetib borgani aytilgan O‘zbekiston milliy terma jamoa ayrim yetakchi a‘zolari allaqachon maqsadlari Osiyo chempioni bo‘lish ekaniga ham ishora qilishgan.

Ammo mamlakat futbol ahli chiqishlarida eng avvalo "munosib o‘yin ko‘rsatish" iborasiga ko‘proq urg‘u berilayotgani ham kuzatiladi.

O‘zbekistondagi futbolga ixtisoslashgan turli internet nashrlari xabarlariga tayanilsa, Avstraliyada yuzdan ortiq o‘zbekistonlik futbol muxlislarining milliy terma jamoaga ishqibozlik qilishlari kutilmoqda.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, jamoa 2011 yilgi Osiyo Kubogini ochilish uchrashuvida mezbon Qatarni 2:0 hisobida yengish bilan boshlagan.

Shuni ham ta‘kidlash kerakki, Avstraliyada O‘zbekistonni milliy terma jamoasidan tashqari, ikkita hakamlar brigadasi ham namoyon etadi.

Ulardan biri besh karra "Osiyoning eng zo‘r hakami" Ravshan Ermatov boshchiligidagi guruh bo‘lsa, ikkinchi brigadaga o‘zbekistonlik boshqa bir hakam Valentin Kovalenko bosh bo‘ladi.

Agar, Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan e‘lon qilingan rasmiy ro‘yxatga qaralsa, qit‘aning biror bir davlati bu kabi sharafga noyil bo‘lmagan.

Ya‘ni, O‘zbekiston konfederatsiyaning Avstraliyadagi Osiyo Kubogida qo‘shaloq hakami ishlaydigan yagona a‘zosi bo‘ladi.

Bu - Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar guruhining Braziliyadagi jahon chempionati ortidan ishlash uchun taklif olgan yana bir nufuzli xalqaro turniri va faoliyat olib borajak uchinchi Osiyo Kubogi bo‘ladi.

Ravshan Qatarda bo‘lib o‘tgan va Yaponiyaning Avstraliya ustidan g‘alabasi bilan yakunlangan so‘nggi Osiyo Kubogining final uchrashuviga ham hakamlik qilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002