Istanbuldagi portlashni markschi guruh o‘z zimmasiga oldi

Image copyright AFP
Image caption Hujumda Istanbulning sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan mavze‘si nishonga olingan

Turkiyadagi faoliyati taqiqlangan markschi guruh seshanba kuni Istanbulda sodir etilgan hudkush hujum uchun mas‘ul ekanini aytgan.

Hujumda ayol hudkush hujumchi va bir politsiya xodimi halok bo‘lgan.

Istanbul viloyat hokimi Vasip Shohinning aytishicha, ingliz tilida so‘zlashgan hujumchi ayol karmonini yo‘qotgani bahonasi bilan politsiya idorasiga kirgan va bino ichkarisida o‘zini portlatib yuborgan.

Inqilobchi Xalq Ozodlik Jabhasining web sahifasida e‘lon qilingan bayonotda hudkush hujumchining Alif Sultan Kalsen ismli ayol ekani aytiladi.

"Bizning fidoyi jangchimiz Sulton Ahmaddagi politsiya idorasida fidokorlik harakatini amalga oshirdi", deyiladi guruhning bayonotida.

Ayni guruh o‘tgan hafta politsiyaga qarshi amalga oshirilgan yana bir hujum uchun mas‘ulligini da‘vo qilgan.

Image copyright hurriyet.com.tr
Image caption Hujumchi ayol kishi bo‘lgan

Hodisada politsiya xodimiga qarata granata uloqtirgan hujumchi hibsga olingandi.

Inqilobchi Xalq Ozodlik Jabhasi korruptsiyaga qarshi kurashayotganini iddao qilgan.

Guruh davlatni Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga sadoqatli "korruptsioner" vazirlarni himoya qilishda ayblagan.

IXOJning aytishicha, portlash Istanbuldagi ommaviy namoyishlar chog‘ida boshidan yaralangan va 9 oy davomida koma holatida qolgan 15 yashar o‘smir uchun qasos amalidir.

Image copyright AFP
Image caption Markschi guruh Prezident Erdo‘g‘onni korruptsiyada ayblaydi

Seshanba kungi hujumda Istanbulning sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan Sulton Ahmad jome‘si va Avliyo Sofiya muzeylari joylashgan mavze‘ nishonga olingan.

Portlashda yana bir politsiya xodimi yaralangan.

Turkiya, shuningdek, AQSh va Ovro‘po Ittifoqi tomonidan terrorchi tashkilot deb e‘lon qilingan IXOJ o‘smirning o‘limida shaxsan Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onni ayblagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002