Vadim Abramov: "O‘zbekiston kamida finalga chiqishi kerak"

Image copyright lokomotiv.uz

Mezbon Avstraliya doxil qit‘aning eng kuchli jamoalari, albatta, o‘zlari yangi chempion bo‘lishlarini da‘vo qilayotgan bir manzarada O‘zbekiston milliy terma jamoasi sobiq Bosh murabbiyi ana shunday ishonchni izhor etdi.

Jamoa aynan Vadim Abramov boshchiligi ostida Qatarda bo‘lib o‘tgan so‘nggi Osiyo Kubogida tarixiy natija qayd etgan va ilk bor turnirning yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘shanda "O‘lim" guruhiga tushgani aytilgan O‘zbekiston o‘zining hujumkor o‘yinlari bilan nafaqat finalda to‘p surish, balki Osiyo Kubogini qo‘lga kiritishga ham haqli ravishda da‘vogarlik qilgandi.

Ular o‘yinlarning ochilish uchrashuvida mezbon Qatarni, keyin boyvachcha Quvaytni yengib, Osiyo Kubogida katta tajribaga ega Xitoy bilan durang hisobiga erishishga muvaffaq bo‘lishgandi.

Jamoa uch o‘yindan 7 ochko to‘plab, o‘z guruhidan peshqadam mavqe‘da chorak finalga chiqqan va yarim final uchun bo‘lgan kurashda Iordaniyani ham mag‘lub etgandi.

Ammo yarim final bellashuvini Avstraliyaga 0:6 hisobida boy berarkan, O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor Osiyo Kubogining final bosqichiga chiqish imkoniyatini boy bergandi.

Final uchrashuvida avstraliyalik raqiblarini 0:1 hisobida mag‘lub etgan Yaponiya esa, to‘rtinchi bor Osiyo chempioniga aylangandi.

Agar, futbolga ixtisoslashgan turli internet nashrlarida qoldirayotgan fikrlariga tayanilsa, o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining aksariyati ham o‘z jamoalaridan bu yil Osiyo chempionligini kutishmoqda.

Shunday ekan, sobiq Bosh murabbiyi Vadim Abramov o‘z ishonchi sababini nimalar bilan izohlaydi?

BBC O‘zbek Xizmati 9 yanvar kuni Avstraliyada start olajak 2015 yilgi Osiyo Kubogi oldidan hozir klubi bilan Dubayda bo‘lgan nomdor murabbiyni suhbatga tortdi:

Image copyright AFP

Vadim Abramov: Normal raqiblar. Menimcha, milliy terma jamoa ularni yengib o‘tib, keyingi bosqichga chiqishi shart. To‘g‘ri, raqiblari ham bo‘lajak "jang"ga shay bo‘lishi tabiiy. Ammo shundoqqina Osiyo Kubogi arafasida Saudiya Arabistoni va Shimoliy Koreyaning Bosh murabbiylari o‘zgardi. Bu kabi hollar esa, doimo o‘z so‘zini aytmay qolmaydi. Mana, o‘zim oxirgi uchrashuvlarini ko‘rdim, Saudiya Arabistoni avvalgidek kuchli o‘yin ko‘rsatayotgani yo‘q. Shuning uchun ham, jamoa keyingi bosqichga chiqishi shart, nazarimda.

BBC: Milliy terma jamoa keyingi bosqichga chiqishi shart, derkansiz, shaxsan o‘zingiz sobiq Bosh murabbiysi sifatida buning uchun o‘zbekistonlik futbolchilarning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

Vadim Abramov: Milliy terma jamoa tarkibi risoladagidek. Asosiy gap ularning turnirga qanchalik jiddiy hozirlik ko‘rganliklarida. Buni esa, mana, bo‘lajak o‘yinlar ko‘rsatadi. Ya‘ni, kimning qanday tayyorgarlik ko‘rgani butun turnir davomida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham, hammasini o‘yinlar ko‘rsatadi. Milliy terma jamoaning o‘ziga kelsak, futbolchilarning potentsiali, imkoniyati juda yaxshi. Jamoa avvalgiga qaraganda ham kuchaygan. Shu bois ham, ular kamida finalda to‘p surishlari kerak.

BBC: Sizning nazaringizda, O‘zbekiston milliy terma jamoasi finalga chiqoladi. Ya‘ni buning uchun salohiyati, imkoniyati va kuch yetadi?

Vadim Abramov: Ha, so‘zsiz. Yuqorida ham aytib o‘tganimdek, jamoada juda yaxshi futbolchilar yig‘ilgan. Men bunga shubha ham qilmayman. Ular finalga chiqishlari lozim.

BBC: Vadim aka, murabbiy sifatida Osiyo Kubogi bellashuvlari va ishtirokchilari ham sizga yaxshi tanish, ma‘lum. Shunday ekan, bu yil yangi Osiyo chempioni kim bo‘ladi?

Vadim Abramov: Menimcha, asosiy da‘vogarlar ro‘yxati o‘sha-o‘sha...faqat, ularning tarkibiga bu yil Qatar ham qo‘shilgan, degan bo‘lardim. Qolganlari yana o‘sha Yaponiya, Avstraliya, Janubiy Koreya...Jumladan, yuqorida ham aytib o‘tganimdek, O‘zbekiston ham kubokka da‘vogarlardan biri.

BBC: Vadim aka, boshqa tomondan, O‘zbekiston milliy terma jamoasi keyingi bosqichda Janubiy Koreya yoki mezbon Avstraliyaga qarshi to‘r surishi ehtimoli yuqori. Shunday ekan, buyog‘iga nima degan bo‘lardingiz?

Vadim Abramov: Hammasi milliy terma jamoaning guruhda qanday o‘yin ko‘rsatishiga bog‘liq bo‘ladi. Avval guruhdan keyingi bosqichga chiqishlari kerak. Qolgani undan keyin ma‘lum bo‘ladi.

BBC: Vadim aka, eng so‘nggida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga tilaklaringiz?..

Vadim Abramov: Ularning o‘zlari ham butun mas‘uliyatni his etishadi. Osiyo Kubogida yaxshi o‘yin ko‘rsatish uchun hozirlik ko‘rishgan. Shunday ekan, shunga yarasha munosib o‘yin ko‘rsatishadi. Men ularga xuddi shuni tilab qolaman va yana faqat omad tilayman. Menimcha, ko‘p narsa birinchi o‘yinga bog‘liq bo‘ladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002