Qochqinlarning boshiga qaqshatqich ayozlar ham tushdi

Image copyright AFP

Butun Yaqin Sharq mintaqasida bir necha kundan buyon havo harorati 0 darajadan pasayib ketgan, ko‘p qor yog‘ib, yozgi kiyimlarda yashab yurgan millionlab qochqinlarning ahvolini badtar og‘irlashtirgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti chodirlarda kun o‘tkazib kelayotgan qochqinlarning ahvolidan "haddan ziyod xavotir"ini izhor etgan.

Hozirgi paytda Suriyani 3 million 200 mingdan ortiq inson tashlab chiqishga majbur bo‘lgan.

Image copyright AP

Livanning Bekaa vodiysidagi tog‘larga qalin qor yoqqan.

Bu yerdagi qochqinlar jamloqlarida yuz minglab suriyalik qochqinlar jon saqlamoqdalar.

"Frans Press" axborot agentligining Livan rasmiylariga tayanib xabar qilishicha, tog‘ osha Suriyadan Livan hududiga o‘tishga harakat qilgan va sovuqda o‘lib qolgan bir erkak va va olti yashar bolaning jasadi topilgan.

Bekaa vodiysidagi qochqinlar jamlog‘ida vaqtinchalik maktab vazifasini o‘tagan chodir qor qalinligidan qulab tushgan.

Suriya poytaxti Damashqda ham qalin qor yoqqan.

Maorif vazirligi o‘quv muassasalarida mashg‘ulotlar bekor qilinganini e‘lon etgan.

Turkiyada ham oxirgi kunlarda ustma-ust qor yog‘moqda.

Bu mamlakatga 1 million 60 mingdan ortiq suriyalik qochqin o‘tgan.

Livanda 1 million 150 mingga yaqin, Iordaniyada 622 mingdan ortiq suriyalik joylashgan.

BMT qochqinlar jamloqlaridagi insonlarga qo‘shimcha ko‘rpa-adyol tarqatishni boshlagani haqida xabar qilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002