Osiyo Kubogi 2015: Ravshan Ermatov ochilish uchrashuvini boshqaradi

Image copyright AFP

Bu haqda Osiyo Futbol Konfederatsiyasi rasman xabar berdi. Mezbon Avstraliya va Quvayt o‘rtasidagi ilk o‘yin ertaga – 9 yanvar kuni Melburnda bo‘lib o‘tadi.

Turnirning rasmiy ochilish marosimi ortidanoq start olajak uchrashuv Toshkent vaqti bilan tushki soat 14:00 da boshlanadi.

Ravshan Ermatovga Abduhamidillo Rasulov va Bahodir Qo‘chqorovlar yordamchilik qilishadi.

Xuddi shu o‘rinda eslatib o‘tish joiz, o‘zbekistonlik nomdor hakam 2001 yil Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogida ja‘mi to‘rtta, jumladan, aynan Avstraliya va Yaponiya o‘rtasidagi final uchrashuvini ham boshqargandi.

Bu – 37 yoshli Ravshan Ermatov uchun o‘z hakamlik karerasidagi uchinchi Osiyo Kubogi bo‘ladi.

Ravshan yaqinda beshinchi bor "Osiyoning eng zo‘r hakami", deb topilgandi.

Shuni ham ta‘kidlash kerakki, Avstraliyada O‘zbekistonni bir emas, ikkita hakamlar brigadasi namoyon etadi.

Ikkinchi brigadaga o‘zbekistonlik boshqa bir hakam Valentin Kovalenko bosh bo‘ladi.

Agar, Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan e‘lon qilingan rasmiy ro‘yxatga qaralsa, qit‘aning biror bir davlati bu kabi sharafga noyil bo‘lmagan.

Ya‘ni, O‘zbekiston konfederatsiyaning Avstraliyadagi Osiyo Kubogida qo‘shaloq hakami ishlaydigan yagona a‘zosi bo‘ladi.

Image copyright Reuters

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham 2015 Osiyo Kubogida g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

Jamoa o‘tgan yil oxirida muddatidan ilgari va ketma-ket oltinchi bor bu kabi huquqni qo‘lga kiritgandi.

O‘zbekiston 2004 va 2007 yillarda qit‘a miqyosidagi ushbu nufuzli turnirning chorak finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

2011 yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan so‘nggi Osiyo Kubogida tarixiy natija qayd etib, yarim finalga chiqqan.

Qit‘aning eng kuchli to‘rtta jamoasidan biriga aylangandi.

Bu – Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar guruhining Braziliyadagi jahon chempionati ortidan ishlash uchun taklif olgan yana bir nufuzli xalqaro turniri bo‘ladi.

Shu yil Braziliyada esa, Ravshan Ermatov o‘zi ketma-ket butun sobiq Sho‘rolar Ittifoqini namoyon etgan ikki birinchilikda ja‘mi 9 ta o‘yinni boshqarib, yangi jahon rekordini o‘rnatgan.

Ravshan Ermatov Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan so‘nggi Jahon chempionatida ham eng zo‘r hakamlardan biri, deb topilgandi.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, Ravshan o‘z hakamlik faoliyati davomida erishgan olamshumul yutuqlari bilan Osiyo futboli tarixiga ham kirgan.

Ravshan Ermatov to‘rt karra "Osiyoning eng zo‘r hakami" sanaladi.

U so‘nggi Osiyo Kubogi va klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionlar ligasining final uchrashuvlarini ham boshqargan.

Yaqinda esa, Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti Ravshan Ermatovni "Faxriy professor"lik unvoni bilan ham taqdirladi.

Ravshan Ermatov "El-yurt hurmati" ordeni va "O‘zbekiston iftixori" faxriy nishoni sohibi ham sanaladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002