Shimoliy Koreyaning "sirli" futboliyu futbolsevar prezidenti

Image copyright AFP

O‘zbekistonning bu yilgi Osiyo Kubogidagi ilk raqibi o‘zining qanchalik "sirli"ligi va 'avtoritar' futbolsevar prezidentining olamshumul g‘alabalarga nechog‘lik o‘ch ekani bilan allaqachon qator G‘arb nashrlarining e‘tiborini o‘ziga tortgan.

Nashrlardan biri Shimoliy Koreya milliy terma jamoasining Osiyo Kubogiga tayyorgarligi qanchalik "maxfiyona" kechganiga diqqat qaratishgan bo‘lsa, boshqasi ularning "eldan burun" qanday qilib mezbon Avstraliyaga borib olishganiga xos e‘tiborlarini berishgan.

Ayrim nashrlarning yozishlaricha, Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan shart, deb ko‘rilgan sanoqli rasmiy tadbirlarni aytmaganda, futbolchilari bo‘ladimi, murabbiylari yoki mutasaddilari, na-da biror bir jurnalistga tutqich berishgan va na-da ularga o‘z "qoralarini ko‘rsatishgan".

Prezident otasining o‘limi ortidan, yaqinda qudratga kelgan Shimoliy Koreyaning yosh va allaqachon "avtoritar"ligi bilan nom chiqargan yangi prezidenti sport orqali mamlakatining dong‘ini dunyoga taratishga zo‘r bergan.

Image copyright AFP

Ayrim nashrlarning yozishlaricha, xuddi shu bois ham, ortda milliy terma jamoaning Avstraliyada "yomon o‘yin ko‘rsatishiga toqat qilinmasligi tayin".

Ayni shu holatni nazarda tutarkan, ular iqtidor jihatdan Osiyoning "nahanglar"iga bas kelolmasa-da, jonini jabborga berib o‘ynashi, tinimsiz mehnati va temirdek mustahkam intizomi Shimoliy Koreyani turnirning nimchorak finaliga olib chiqishi mumkin, degan fikrda.

Shimoliy Koreyada sportga bo‘lgan "shu kabi e‘tibor" manzarasida, eslatib o‘tish joiz, jamoa futbol bo‘yicha 2014 yilgi Osiyo O‘yinlarining finaliga chiqqan.

Lekin qo‘shnisi Janubiy Koreyaga juda kichik (0:1) hisobda yutqazib, O‘yinlarning kumush medalini qo‘lga kiritgan.

Agar, Shimoliy Koreyaning o‘z nashrlaridagi chiqishlariga tayanilsa, hatto, shunda ham, bu - mamlakat ichkarisida milliy terma jamoaning yutug‘i sifatida qabul qilinmagan:

Osiyo O‘yinlarining kumush medali sovrindori bo‘lganliklari biror bir yerda eslatilmagan, futbolchilar g‘oliblar sharafiga uyushtirilgan tantanali marosimga ham "munosib ko‘rilishmagan".

Lekin xuddi shu voqealar manzarasida jamoa 2014 yilgi Osiyo Chaqiruv Kubogida g‘olib chiqqan va 2015 yilgi Osiyo Kubogida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan.

Shimoliy Koreya va Osiyo Kubogi

Image copyright AP

Yarim asrdan ortiq futbol tarixiga ega ekaniga qaramay, O‘zbekistonning Avstraliyadagi dastlabki raqibi Shimoliy Koreya uchun bu yilgi Osiyo Kubogi to‘rtinchisi bo‘ladi.

Milliy terma jamoa o‘zining ilk ishtirokidayoq qit‘a miqyosidagi eng nufuzli bu turnirning yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo‘ladi va o‘shanda ham qo‘shnisi Janubiy Koreyaga yutqazib qo‘yadi.

Ammo, ta‘kidlash joiz, bu kabi rekord natijasini Shimoliy Koreya bundan 35 yil muqaddam, ya‘ni 1980 yilda qayd etgan.

Shundan so‘ng jamoa orada kechgan qator Kubok o‘yinlariga chiqolmagan yoki "nomaqbul xatti-harakatlari uchun" ularda ishtirok etishi ma‘n etilgan.

Avstraliyada esa, Shimoliy Koreya guruh bosqich saralash bellashuvlarida O‘zbekistondan tashqari yana Saudiya Arabistoni va Xitoyga qarshi to‘p suradi.

Agar, ayrim nashrlarga tayanilsa, milliy terma jamoa o‘zining O‘zbekistonga qarshi ilk va qolgan uchrashuvlariga qariyb bir oydan buyon Avstraliyaning o‘zida tayyorgarlik ko‘rib keladi.

O‘zbekiston va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi dastlabki bellashuvning o‘zi ertaga - 10 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi va Toshkent vaqti bilan kunduzgi 12:00 da boshlanadi.

Image copyright AFP
Image caption Shimoliy Koreya O‘zbekistonga qarshi ertangi uchrashuvida maydonda tajribali Bosh murabbiysi Yun Chen Susiz tushadi

Agar, ayrim ma‘lumotlarga tayanilsa, bo‘lajak raqiblar bungacha bir-birlariga qarshi besh bor maydonga tushishgan:

Uch bor O‘zbekiston g‘alaba qozongan bo‘lsa, qolgan ikki uchrashuvlarini jamoalar durang hisobi bilan yakunlashgan.

Ammo aynan so‘nggi Osiyo O‘yinlari final uchrashuvidagi "xatti-harakatlari" uchun jamoaning sinashta va tajribali Bosh murabbiysi Yun Chen Su Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan bir yilga maydondan chetlatilgan:

O‘yinchilari bilan mashg‘ulot olib borishiga izn berilgan esa-da, ularning "kiyinish xona"siga kirishi va uchrashuvlarini maydon chekkasidan kuzatishi taqiqlab qo‘yilgan.

Aksariyat futbol sharhlovchilarining aytishlaricha, shunda ham, ishongan murabbiysining aynan 2015 yilgi Osiyo Kubogi arafasida taqiqqa uchrashi bois, Avstraliyada Shimoliy Koreyaga oson bo‘lmaydi.

Milliy terma jamoa O‘zbekistonga qarshi Sidneyda bo‘lib o‘tajak uchrashuvga yangi Bosh murabbiysi Jo Tong Sop boshchiligi ostida tushadi.

Biroq, o‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, jamoaning futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi ishtirokiga uncha ko‘p bo‘lmagan: Braziliyaga bora olmagan esa-da, Shimoliy Koreya Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan 2010 yilgi birinchilikda to‘p surgan. O‘shanda kimsan Braziliyaga qarshi ayovsiz o‘yini bilan tilga tushgan. Ya‘ni anchagina tajribaga ega.

Prezident Kim Chin In va sport

Image copyright Reuters

Shimoliy Koreyada iqtidorga kelganiga uch yil bo‘lgan bo‘lsa, 32 yoshli yangi prezident orada kechgan vaqt davomida o‘zining dunyodan iholatlangan davlatini jahon sport sahnasiga olib chiqishga harakat qilib keladi:

G‘olib sportchilarini hashamatli villalar bilan taqdirlagan, Dennis Rodman kabi basketbol yulduzlariga mezbonlik qilgan va hatto, ayrim G‘arb nashrlariga ko‘ra, shaxsan o‘zi murabbiylik qilishga ham urinib ko‘rgan.

Janubiy Koreyalik ayrim jurnalistlarning suhbatlariga tayanilsa, prezident Kimning futbolga ham qiziqishi katta va hatto, yosh iqtidorli futbolchilar uchun maxsus futbol akademiyasi tashkil qilishgacha borgan.

"Yoshlar futboliga katta pul tashlab, malakalarini oshirishlari uchun qirqqa yaqin shimoliy koreyalik navjuvon o‘yinchilar Ispaniya va Italiyaga ham yuborilgan".

Xuddi ana shu jurnalistlar o‘zlarining ayrim G‘arb nashrlariga e‘tirof etishlaricha, yosh prezidenti boshchiligidagi Shimoliy Koreyaning bu kabi urinishlari allaqachon o‘z samarasini ham bera boshlagan:

Shimoliy Koreya o‘smirlar (U-16) o‘rtasidagi so‘nggi Osiyo chempionatida g‘olib chiqqan, 14 yoshli futbolchilari esa, o‘tgan yilgi Osiyo chempionatini sovrinli ikkinchi o‘rin bilan yakunlashgan.

Hatto, futbolda ham "ashaddiy raqib"lari bo‘lgan janubiy koreyalik ayrim jurnalistlar o‘zlarining ham e‘tirof etishlaricha, kelasi ikki-uch yilda qo‘shnilarining futboli bundan-da gullab-yashnaydi.

Ammo, shunda ham, ular o‘z bashoratlarini yoshlar futbolining istiqboli bilan cheklashgan va bular barchasining Shimoliy Koreyadagi kattalar futboliga ta‘siri nechog‘liq bo‘lishini vaqtning hukmiga havola etishgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002