Charlie Hebdo karikaturasini ko‘chirib bosgan tahririyatga o‘t qo‘yilgan

Image copyright AFP

10 yanvardan 11 yanvarga o‘tar kechasi noma‘lum shaxslar Olmoniyaning Hamburg shahridagi Hamburger Morgenpost ro‘znomasi tahririyati binosiga ichiga yonilg‘i to‘ldirilgan idish otganlar.

Politsiya xabar qilishicha, hodisa tungi soat 2 lar atrofida ro‘y bergan.

Tahririyat binosi derazasiga tosh otib sindirilgan, so‘ng "Molotov kokteyli" deb ataladigan butilka irg‘itilgan.

Xabarlarga ko‘ra, ro‘znoma arxivi joylashgan xonani alanga qoplagan.

Hamburger Morgenpost jurnalistlarining aytishicha, ayrim hujjatlar yonib ketgan.

Politsiya ikki xonaga o‘t ketgani, biroq yong‘inni o‘chirishga muvaffaq bo‘linganini aytgan.

Hech kim jarohatlanmagan.

Hamburg politsiyasi hodisadan ko‘p o‘tmay, shu yaqin atrofda bo‘lgan ikki shaxsni hibsga olgan.

Bu odamlarning tahririyatga o‘t qo‘yish hodisasiga aloqasi bormi yoki yo‘qligi tekshirilayotganini xabar qilgan politsiya.

Bundan oldin Hamburger Morgenpost Frantsiyadagi Charlie Hebdo satirik jurnalining Muhammad Payg‘ambar hajv qilingan karikaturasini ko‘chirib bosgan edi.

O‘z binosiga o‘t qo‘yilgani haqida o‘zining web-saytida xabar tarqatgan Hamburger Morgenpost so‘nggi hodisaning frantsuz jurnali karikaturasini ko‘chirib bosganiga aloqadorligini bog‘lamaslikka qaror qilgan.

7 yanvar kuni Parij shahridagi Charlie Hebdo jurnali tahririyatiga hujum qilindi.

Kalashnikov avtomati bilan qurollangan uch kishi, jumladan, aka-uka Said va Sherif Quashiy jurnal tahririyati qo‘riqchilari va bino ichkarisida bo‘lgan insonlarni o‘qqa tutganlar.

So‘ng hodisa joyidan qochib yashiringanlar.

Hujum oqibatida 12 inson, shu jumladan, jurnal bosh muharriri va bir necha karikaturachisi halok bo‘lgan, 11 kishi jarohatlangan.

9 yanvar kuni aka-uka Quashiylarga birdamlik ma‘nosida Amedi Kulibali supermarketda insonlarni garovga olgan.

O‘sha kuni aka-uka Said va Sherif Quashiylar Parijdan 50 kilometr uzoqlikdagi Dammarten-an-Goel shahridagi bosmaxonada bir insonni garovga olganlar, keyinroq garovgirlar otib o‘ldirilgan edi.

Parij supermarketidagi maxsus amaliyot chog‘ida Amedi Kulibali ham otib o‘ldirilgan.

Ayni paytda politsiya hujum ishtirokchilaridan biri Hayat Bumeddinni qidirmoqda.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, u allaqachon Frantsiya hududini tark etib, Turkiya yoki Suriyada bo‘lishi mumkin.

11 yanvar kuni Parij shahrida Frantsiyadagi so‘nggi kunlardagi xurujlar qurbonlariga birdamlik maqsadidagi yurish tashkillashtirilgan, bu rallida dunyoning 40 mamlakati rahbarlari ishtirok etishga qaror qilganlar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer