Qozog‘istonda shilqim taksichilar jazolanadi

Image caption Taksi haydovchilar xiralik qilib o‘z xizmatini o‘tkazishi endi tartibbuzarlik hisoblanadi

Qozog‘iston ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, respublika ma‘muriy tartibbuzarliklar bo‘yicha kodeksidagi yangi o‘zgartishlarga binoan, "fuqarolarning g‘ashiga tegish, shilqimlik, jumladan taksi haydovchilarning shu tariqa harakatlari uchun" javobgarlikka tortish ko‘zda tutiladi.

Bu haqda Qozog‘iston Ichki Ishlar vazirligi ma‘muriy politsiya qo‘mitasi ma‘lum qilgan.

"Misol uchun aeroportda yoningizga kelib, taksi kerakmi? deb so‘rashadi.

Agar kerak bo‘lmasa, bunda odamlarni majburlab taksiga o‘tkazish kerak emas.

Agar haydovchi xira pashshadek o‘z xizmatini taklif qilishda davom etsa, buning uchun javob berishiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, qandaydir mahsulotlarni, jinsiy mazmundagi xizmatlar va boshqalarni taklif qilish ham kodeksdagi moddaga tushadi", - deydi vazirlik vakili Igor Lepexa.

Janob Lepexaning qayd etishicha, shilqimlik holatini mobil telefonga yozib olish va politsiyaga taqdim etish kifoya, bu ish bilan keyin ular shug‘ullanadi.

Yangi Kodeksning 449 moddasi, "jamoat joylarida shilqimlik qilgani" tufayli ushlangan tartibbuzar 9910 tenge, yoki minimal qayd ko‘rsatkichining besh baravar miqdorida jarima to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

Fuqarolarning joniga tegish yoki shilqimlik tilanchilikka ham ta‘luqligi aytilgan.

Bu holatda tartibni buzgan kishi xorijlik bo‘lsa, u mamlakatdan chiqarib yuboriladi va besh yilgacha Qozog‘istonga kirish huquqidan mahrum bo‘ladi.

Ichki Ishlar vaziriligi xodimining bildirishicha, "Qozog‘istonda aynan boshqa mamlakatlardan kelgan tilanchilar ko‘payib ketgan".

Qozog‘istonda o‘zgartirish kiritilgan kodeks 2015 yilning 1 yanvaridan kuchga kirgan hisoblanadi.

Ayni holat, ya‘ni fuqarolarga shilqimlik qilib, o‘z xizmatini o‘tkazish boshqa joylarda, xususan O‘zbekistonda ham uchraydi.

Bu manzara ayniqsa, odamlar bilan gavjum bo‘ladigan aeroport, temir yo‘l vokzallari, avtobus bekatlari va bozorlar atrofida tez-tez kuzatiladi.

Jumladan, Toshkent aeroporti hududida kirakashlik qiladigan haydovchilar Toshkentga kelgan fuqarolardan shaharning boshqa joylaridan bir yoki ikki baravar baland narxda xizmat haqi so‘rashlari ma‘lum.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002