Shinjonda politsiya olti kishini otib o‘ldirgan

Image copyright AFP Getty

Xitoy ommaviy axborot vositalari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, politsiya go‘yo portlashni uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan olti kishini otib o‘ldirgan.

Hodisa Qashg‘ar viloyatida ro‘y bergan.

Xabarlarga ko‘ra, mahalliy odamlar shubhali buyum olib ketayotgan bir shaxsni ko‘rganlar.

Bu haqda politsiyaga xabar berilgan va politsiya xodimlari bu odamga yaqinlashgan paytda u hujum qilgan va yonida bo‘lgan portlovchi moddani portlatishga harakat qilgan.

Biroq portlatishga ulgurmagan, politsiyachilar uni otib o‘ldirgan.

Shinjon Uyg‘uristonidagi yangiliklarni yoritishga ixtisoslashgan Tianshan Net web-saytida e‘lon qilingan xabarga ko‘ra, portlovchi moddalarni portlatishga harakat qilgan yana besh kishi otib o‘ldirilgan.

Ushbu xabarni hozircha mustaqil manbalardan tasdiqlatishning imkoni bo‘lmagan.

Ko‘p hollarda Xitoy rasmiylari tarqatadigan va uyg‘urlar qoralangan hodisalar talqini bilan guvohlarning ko‘rsatmalari farq qiladi.

So‘nggi yillarda Shinjon Uyg‘uristonida zo‘ravonliklar soni ko‘paygan.

Bunda rasmiy Pekin xorijdagi ekstremist guruhlardan ilhomlangan uyg‘ur bo‘lginchilarini ayblaydi.

Biroq xorijdagi uyg‘ur faollariga ko‘ra, Xitoy hukumatining musulmon uyg‘urlarning dini, madaniyati va urf-odatlariga qarshi kuchaytirgan chora-tadbirlari oddiy uyg‘urlarda noroziliklarni paydo qilmoqda va zo‘ravonliklarga majburlamoqda.

2014 yildagi Kunmin vokzali va Shinjondagi qator halokatli hodisalar ortidan Xitoy hukumati Shinjonda xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.

Rasmiy Pekin talqini bo‘yicha "terrorizmga qarshi kurash bir yilligi" boshlangan.

Yuzlab uyg‘urlar hibsga olingan, o‘nlab kishilar o‘lim qatl qilindilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer