"Charli Ebdo"ning yangi karikaturasi yana Muhammad payg‘ambarni aks ettiradi

Image copyright AP
Image caption Omon qolgan xodimlar "Liberation" gazetasi idorasidan ishlashmoqda

"Charli Ebdo" satirik jurnalining bu hafta chiqadigan nashrida Muhammad payg‘ambarning "Men Charliman" degan shiorni ko‘tarib turgani aks etadi.

Karikatura tepasida "Hammasi kechirildi" degan yozuv bor. Mazkur karikatura o‘tgan hafta qurolli kishilar jurnalning Parijdagi idorasiga bostirib kirib 12 kishini o‘ldirganidan keyin chop qilinmoqda.

Ayni damda Frantsiya parlamenti a‘zolari hujumdan beri ilk marta yig‘ilishlari mo‘ljallangan.

Isroilda esa Parijda ayri hodisada otib o‘ldirilgan to‘rt yahudiy qurbonlarning dafn marosimlari bo‘lib o‘tadi.

Frantsiya poytaxtida o‘tgan hafta yuz bergan terror hujumlarida 17 kishi o‘ldirildi.

Mamlakat bo‘ylab hujum ortidan 10 ming qo‘shinlar joylashtirilgan. Yakshanba kuni Parijda yirik birdamlik namoyishi bo‘lib o‘tdi.

"Bo‘yin egmaymiz"

"Charli Ebdo" jurnalining ustki beti frantsuz matbuoti tomonidan erta chop qilinmoqda. Frantsiya tashqarisida ham qator yirik nashrlar karikaturani chop qilishgan.

Image copyright AP
Image caption Frantsiya bo‘ylab xavfsizlik choralari oshirilgan

Frantsuz tilidagi "Je suis Charlie" ("Men Charliman") degan shior 7 yanvarda yuz bergan hujumdan so‘ng jurnal xodimlariga hamdardlik izhori sifatida qo‘llandi.

"Charli Ebdo" jurnalining uch million nusxasi Chorshanba kuni nashr etilishi kutilmoqda. Odatda jurnal har hafta 60 mingta nusxa sotadi.

Jurnal advokati Richard Malka "Frans Info" radiosiga gapira turib: "Biz bo‘yin egmaymiz. "Men Charliman" shiorining mazmuni Xudoga shak keltirish huquqini anglatadi", - dedi.

Jurnal idorasida yuz bergan hujum ortidan omon qolgan xodimlar Frantsiyaning "Liberation" gazetasi idorasidan ishlashmoqda.

Hujumda "Charli Ebdo"ning besh karikaturachisi, jumladan muharriri ham halok bo‘lishgan.

Jurnalning moliyaviy muharriri Erik Portoga ko‘ra, "Charli Ebdo"ning yangi nashrini faqat jurnal xodimlari ishlab chiqadilar. Boshqa karikaturachilarning takliflari rad etilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002