Tojikistonda "Salafiya" oqimi ekstremistik deya e‘lon qilindi

Tojikiston Oliy Mahkamasi "Salafiya" oqimini ekstremistik deya qaror qabul qilgan. Bu borada Tojikiston Respublikasi Oliy Mahkamasi maqomotidan bildirishgan.

Bu qaror aslida bundan bir oy oldin qabul qilingan bo‘lib, endi u ommalashtirilgan.

Tojikistonda "Salafiya" faoliyati bundan besh yil oldin Oliy Mahkama tomonidan ta‘qiqlab qo‘yilgandi.

Ungacha "Salafiya"ga mansublar erkin faoliyat yurgizishgandi. Bu oqim tarafdorlarining ayniqsa mamlakat janubida ko‘pligi aytiladi.

Tojikistonda "Salafiya" faoliyati ta‘qiqlanishi bilan bir paytda mazkur oqimga mansub ko‘rilganlarning ro‘yxati tuzib chiqilgandi.

"Salafiya"ga mansub ko‘rilgan 7 kishi ustidan dastlabki mahkama 2010 yilda bo‘lib o‘tgan. Unda Dushanbe shahrining Sino tumani mahkamasi 7 kishi ustidan hukm chiqargan.

Jazolanganlar orasida "Salafiya" oqimining mamlakatdagi taniqli vakillaridan bo‘lgan Sirojiddin Abdurahmonov va uning o‘g‘li Kiromiddin ham bo‘lishgan.

"Salafiya" ekstremistik deb e‘lon qilinar ekan, endi uning mansublariga qarshi Tojikiston Jinoiy Kodeksining ekstremistik faoliyatni amalga oshirish uchun ommaviy chorlovlar degan mazmundagi moddasi qo‘llanadi.

Bu modda bo‘yicha jazoga tortiladiganlar uzoq yillik muddatga ozodlikdan mahrum etiladilar.

Ayni bir paytda Tojikiston hududida "Salafiya" oqimining websayti ta‘qiqlangan va u yopib qo‘yilgan.

"Salaf" so‘zi "o‘tmish" yo "avvalgi" ma‘nosini berib, salafiylar Islom dinini Muhammad payg‘ambar va uning safdoshlari tushungan tarzda tushunishni istaydilar, hamda Qur‘onni simvolik talqin qilish usullari va musulmon dunyosiga G‘arb bilan yuz bergan aloqalar asosida kirib kelgan yangiliklarni rad etadilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002