Islom Karimov yana bir muddatga prezidentlikka saylanadi

Image caption Islom Karimov chorak asrdan buyon O‘zbekistonni qattiqqo‘llik bilan idora qilib keladi

Qonunchilik palatasiga saylovlarda eng ko‘p o‘rinni egallagan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi joriy Prezident Islom Karimov nomzodini yana bir muddatga ilgari surgan.

Podrobno.uz nashrining xabar berishicha, bu haqdagi qaror partiya Ciyosiy kengashining majlisida qabul qilingan.

Siyosiy kengash a‘zolari ayni qaror "saylovchilarning fikrlarini inobatga olgan holda" qabul qilinganligini aytishgan.

77 yoshni qarshilayotgan Islom Karimov 29 martda o‘tadigan prezidentlik saylovlarida ilgari surilgan birinchi nomzod bo‘lgan.

Islom Karimov o‘tmishda mansub bo‘lgan sobiq Kommunistik partiyaning merosxo‘ri - O‘zbekiston Xalq Demokratik partiyasi (XDP) o‘z yetakchisi Hotamjon Ketmonov nomzodini prezidentlikka ilgari surgan.

Qonunchilik palatasidagi boshqa hukumatparast partiyalarning ham kelayotgan kunlarda o‘z nomzodlarini e‘lon qilishlari kutiladi.

O‘tgan yil oxirida Markaziy Saylov Komissiyasi mamlakatda prezidentlik saylovlariga start berilganligini e‘lon qilgan edi.

O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, prezidentlik saylovlari parlament saylovlaridan keyin uch oy ichida bo‘lib o‘tishi kerak.

21 dekabrda parlamentning qonunchilik palatasiga o‘tgan saylovlarda iqtidordagi ishbilarmonlar va tadbirkorlar harakati - Liberal-demokratik partiya eng ko‘p o‘rinlarni egallagan.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti saylovlarda haqiqiy raqobat bo‘lmaganini aytgan va ularni kuzatish uchun to‘laqonli hay‘at yubormagan.

Nechanchi muddat?

77 yoshni qarshilayotgan Islom Karimov birinchi marta 1991 yilning 29 dekabridagi umumxalq saylovlarida prezidentlikka saylangan.

1995 yil martidagi umumxalq referendumida Islom Karimovning prezidentlik vakolati 2000 yilga qadar uzaytirilgan.

2000 yil 9 yanvarida Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlarga muvofiq, Islom Karimov yana bir muddat, bu safar 7 yilga O‘zbekiston Prezidenti etib saylangan.

Rasmiylar Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlarga muvofiq, janob Karimovning avvalgi muddatlari inobatga olinmasligi, bu uning birinchi prezidentlik muddati deb hisoblanishini aytishgan.

2007 yil 23 dekabrida Islom Karimov yana bir marta 7 yillik muddatga saylangan.

Xalqaro kuzatuvchilar bu saylovlarning birontasi ham erkin va demokratik saylovlar bo‘lmaganini aytishadi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 90-moddasiga muvofiq, bir shaxs prezidentlik lavozimiga ikki martadan ortiq saylanishi mumkin emas.

Ammo Senat 2011 yilda Konstitutsiyaning ayni bandiga o‘zgartirish kiritgan va o‘zgartirishlar "qonun kuchga kirganidan so‘ng saylanadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga nisbatan qo‘llanilishi"ni aytgan.

Rasmiylar janob Karimov muddatining uzaytirilishiga imkon beradigan qonunchilik tashabbuslarini "konstitutsiyaviy o‘zgarishlar" deya taqdim etishadi.

2007 yildagi saylovlarda Markaziy Saylov Komissiyasining sobiq raisi Bo‘ritosh Mustafoyev jurnalistlarning "bu prezidentning nechanchi muddati?" degan savoliga javob berishga qiynalgandi.

AQSh Davlat Departamenti esa 2000 yilda o‘tgan prezidentlik saylovlarini sharhlay turib, raqib nomzod - Abdulhafiz Jalolovning Islom Karimovga ovoz berganini kulgi ostiga olgan.

O‘zbekistonni chorak asrdan buyon idora qilib kelayotgan Prezident Karimovning yana bir muddatga saylanishi aksariyat tahlilchilarga ko‘ra, amalda uning umrbod hokimiyatda qolishini anglatadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistondagi hokimiyat kurashlari va Karimovning ehtimoliy merosxo‘ri masalasi jahon matbuotining diqqat-e‘tiborida bo‘lib kelgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, so‘nggi yangilik O‘zbekistonda kutilayotgan siyosiy merosxo‘rlik masalasiga oydinlik kiritmaydi.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, ehtimoliy merosxo‘rlardan biri sifatida ko‘riladigan joriy Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning ham o‘z lavozimida qolishi kutilmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002