AQSh: "O‘zbekiston byudjeti shaffof emas"

Image caption Moliya vazirligi byudjet tafsilotlarini oshkor etmaydi

AQSh Davlat Departamentiga ko‘ra, O‘zbekistonning byudjeti shaffof emas va qonunchilik idorasidagi byudjet bilan bog‘liq munozaralar jamoatchilikka yopiq.

Davlat Departamentining 2014 yilgi "Moliyaviy shaffoflik"ka doir hisoboti O‘zbekiston byudjetini shaffoflik talablariga javob bermaydi, deb topgan.

Shaffoflik talablari orasida hukumatlarning tabiiy boyliklar, yer osti zahiralari yuzasidan imzolagan shartnomalari haqidagi ma‘lumotlarni oshkor etish ham bor.

Hisobotda aytilishicha, O‘zbekiston davlat byudjetining "faqat umumiy mundarijasi"gina jamoatchilikka ma‘lum.

"Moliya vazirligi tomonidan daromad va xarajatlarning taqsimlanishi oshkor etilmaydi. Yer osti boyliklarini qazib olish va sotish bilan bog‘liq ma‘lumotlar jamoatchilikka ma‘lum emas. Tabiiy zahiralar bilan bog‘liq shartnomalarning talablari oshkor etilgani holda, shartnomalarni berish jarayoni shaffof emas", deyiladi AQSh Davlat Departamenti hisobotida.

Davlat Departamentining "Moliyaviy shaffoflik" hisoboti AQSh yordamini oladigan hukumatlarning byudjetlarini qamrab oladi.

Qo‘shma Shtatlar 2012 yilda Andijon voqealari tufayli O‘zbekistonga yordamga joriy etilgan cheklovni olib tashlagan.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, O‘zbekiston davlat byudjeti tafsilotlarini oshkor qilish orqali moliyaviy shaffoflikka erishishi mumkin.

"Shaffof bo‘lmagan bank hisoblari"

O‘zbekiston hukumati davlat byudjetining salmoqli qismi ijtimoiy sohalar-ta‘lim va sog‘liq va aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadlariga ajratilishini urg‘ulab keladi.

Eksportning asosiy bandlarini tashkil etadigan paxta, tabiiy gaz, oltin, uran va boshqa xomashyolardan keladigan daromadlar va ularning qayerga sarflanayotgani haqidagi ma‘lumotlar sir saqlanadi.

Avvalroq Londondagi Sharqshunoslik, Osiyo va Afrika tadqiqotlari instituti tomonidan olib borilgan tadqiqot mualliflari o‘zbek paxtasidan keladigan daromadlar davlat byudjetini chetlab o‘tadi, degan xulosaga kelishgan.

Tadqiqotda hukumat paxtani xorijga global bozor narxlarida sotishi va undan keladigan daromadlar esa shaffof bo‘lmagan bank hisoblariga tushishi aytilgan.

O‘zbekiston Senati 2015 yil uchun tasdiqlagan davlat byudjeti Yalpi ichki mahsulotning qariyb 1 foiziga teng bo‘lishi aytilgan.

Mamlakatning Yalpi ichki mahsuloti hajmi 2013 yilda qariyb 50 milliard dollarga teng bo‘lgan.

2015 yildagi davlat byudjeti iqtisodiy o‘sishning 8 foiz bo‘lishi haqidagi bashoratlar asosiga qurilgan.

So‘nggi yillarda Rossiyadagi o‘zbek mehnat muhojirlari uylariga yuborgan milliardlab dollar mablag‘lar aholi daromadlarining salmoqli qismini tashkil etgan.

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, Rossiyadagi iqtisodiy ahvolning yomonlashishi va mehnat muhojirlarining uylariga qaytishi tufayli joriy yilda O‘zbekiston Yalpi ichki mahsuloti to‘rtdan bir qismga kamayishi mumkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz: +44 7858 860002