O‘zbeklar Rossiyada, xitoyliklar Qamchiqda

Image copyright BBC World Service

"Jahon" axborot agentligi xabar qilishicha, O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysidagi uch viloyatini mamlakatning qolgan hududlari bilan bog‘laydigan Qamchiq dovonidagi temir yo‘l qurilishida ming nafar xitoylik mehnat qilmoqda.

China Railway Tunnel Group shirkatining tunnel qurilishi bo‘yicha mutaxassislari Qamchiq dovonidagi uzunligi 19 kilometrlik tunnelni qazmoqdalar.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining "Jahon" agentligi xabar qilishicha, tunnelning 7 kilometrdan uzun qismini betonlashtirishga muvaffaq bo‘lingan.

Toshkentni Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlari bilan bog‘laydigan "Angren-Pop" temir yo‘lini dengiz sathidan 2200 metr balandlikdagi tog‘ dovonidan olib o‘tishga qaror qilingan.

Qamchiq osha temir yo‘lning uzunligi 120 kilometrdan ortiqroqni tashkil etishi, 50 milometrchasini elektrlashtirish rejalashtirilgan.

Sho‘rolar zamonida O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysidagi viloyatlarini faqat Tojikistonning sobiq Leninobod, hozirgi Sug‘d viloyati hududidan tortilgan temir yo‘l bog‘lab turgan.

Qo‘shnisi Tojikiston bilan munosabatlari sovuqlashgan O‘zbekiston Andijon, Namangan va Farg‘onaga qatnaydigan barcha poyezdlarini bekor qildi, yuk vagonlarini ham o‘tkazmaslikka qaror qildi.

O‘zining shimoliy Sug‘d viloyatini faqat O‘zbekiston hududi orqali temir yo‘l bilan bog‘lagan Tojikiston ham baland tog‘ dovonlarida tunnellar barpo etishga kirishdi.

Tojikistondagi tunnellar qurilishiga ham xitoylik tunnelshunos mutaxassislar jalb etildi.

Qamchiq dovoni osha temir yo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yishni O‘zbekiston 2016 yilda rejalamoqda.

2013 yil aprelida Andijon viloyati faollari bilan majlisda Prezident Islom Karimov "Angren-Pop" temir yo‘lining ahamiyati haqida gapirgan, bu temir yo‘l qurilganidan keyin o‘zi poyezdda odamlarni Toshkentdan Andijonga olib kelishga umid qilayotganini aytgan.

O‘shanda 2015 yilgi prezidentlik saylovida Islom Karimovning o‘z nomzodini yana prezidentlikka ilgari surishi-surmasligi noma‘lum edi.

Biroq kuzatuvchilar janob Karimovning ushbu so‘zlarini u o‘zini 2016 yilda ham O‘zbekistonning prezidenti sifatida ko‘rayotganining belgisi sifatida talqin qilgan edilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer