Rim Papasi: "Dinlarga kelganda so‘z erkinligida me‘yor bo‘lishi kerak"

Image copyright AP

Frantsisk hazratlarining muxbirlarga bayon qilishicha, "dinlarni tahqirlash masalasiga kelganda, so‘z erkinligida me‘yor bo‘lishi kerak".

Xuddi shu o‘rinda, Rim Papasi yoki "onalarni", deya hazillasharkan, buning sababiga ham to‘xtalib o‘tgan.

So‘z erkinligi insonlarning fundamental huquqlari ekanini alohida e‘tirof etarkan, Rim Papasi nega bunday fikrda ekanini, "agar, kimdir onamni haqorat qilsa, mushtimni kutaversin", - degan hazilomuz so‘zlar bilan izohlagan.

Bu haqda "Assoshiayted Press" axborot agentligining tarjimasiga tayanib, Amerikaning nufuzli "Vashington Post" nashri xabar bergan.

Nashr Rim Papasining, "Bu normal. Bu normal. Siz qutquga sololmaysiz. O‘zgalarning dinlarini haqorat qilishga haqqingiz yo‘q. Boshqalarning e‘tiqodlarini hajv qilishingiz mumkin emas", - degan so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

O‘z o‘rnida, onasi haqidagi hazilomuz so‘zlariga qaramay, Frantsisk hazratlari bunga qarshi kuch bilan javob qaytarishning nomaqbul ekanini ham bayon qilgan.

"Hech kimning din nomi ostida boshqani haqorat qilish, jang qilish va o‘ldirishga haqqi yo‘q"ligini ta‘kidlagan.

Image copyright AP

"Xudoning nomi bilan kimnidir o‘ldirish nomaqbul, gunoh ish" ekanini aytgan.

Xabarlarga ko‘ra, Rim Papasi bu haqda o‘z uchog‘i bortida, Shri Lankadan Filippinga ketishda bayon qilgan.

"National Catholic Reporter"ning xabar berishicha, bu kabi so‘zlarni Rim Papasi din va so‘z erkinligiga oid o‘ziga berilgan umumiy bir savolga javob tariqasida bayon qilgan.

"Vashington Post"ga ko‘ra, bu savolni bergan muxbirning frantsuz ekanini bilgan Rim Papasi javobi aynan o‘tgan hafta uyushtirilgan hujumni ko‘zda tutganiga ham ishora qilgan.

"Yuring, Parijga boraylik. Keling bu haqda ochiq so‘zlaylik", - degan Frantsisk hazratlari.

Qonli hujum ortidan "Sharli Ebdo"ning ilk soni shu hafta chorshanba kuni nashr qilingan.

Jurnalning muqovasida qo‘lida "Men Sharli", degan yozuvni ko‘tarib, ko‘zidan yosh to‘kib turgan holatda aks etgan Muhammad payg‘ambar (s.a.v) aks ettirilgan bo‘lsa, xuddi shu yangi sonidan aynan Rim papasining o‘zi ham bir chetda qolmagan.

Muhammad payg‘ambar(s.a.v) doxil boshqa yana qator dinlar payg‘ambarlarini hajv qilgan jurnal 7 yanvar kuni terrorchilar hujumiga uchragan va hodisada Bosh muharriri, yetakchi hajvchilari doxil ja‘mi 12 kishi qurbon bo‘lgandi.

Rim Papasining ushbu so‘zlari o‘sha hujumlardan roppa-rosa bir hafta o‘tib yangragan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002