Tojikiston Turkiyadan muxolifat rahbarini qaytarishni so‘rayapti

Image copyright BBC World Service

Tojikiston hukumati muxolifatning "24-guruh" siyosiy harakati rahbari Umarali Quvvatovni ortga ekstraditsiya etishni so‘rab Turkiyaga murojaat qilgan.

Bu haqda Tojikiston Ichki Ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda BBCga bildirdi.

Rasmiy Anqara avvalgi so‘rovlarni rad etgan.

Tojikistonda quvg‘inga uchragan tadbirkor va muxolifat rahbari moliyaviy jinoyatlarda ayblanadi.

Umarali Quvvatov Istanbulda o‘tgan yilning dekabr oyida viza tartibini buzganligi uchun hibsga olingandi.

Huquq faollariga ko‘ra, Umarali Quvvatov ayni paytda Istanbuldagi ekstraditsiya markazidan politsiyaning xorijliklar uchun bo‘limiga o‘tkazilgan.

Oldinroq "Markaziy Osiyoda inson huquqlari" huquqni himoya qilish tashkiloti quvg‘indagi siyosatchi doxil uning uch tarafdorini himoya qilishni so‘rab BMT Qochqinlar komissarligiga murojaat qilgan. Ular vataniga qaytarilsa, hayoti jiddiy xavf ostida qolishi mumkinligi aytilgan.

Tojikiston Oliy mahkamasi muqaddam "24 guruh"ni ekstremistik tashkilot deb tan olgan. Uning rahbari Umarali Quvvatov mamlakatda Afg‘onistondagi NATO kuchlariga yonilg‘i yetkazib beruvchi shirkat tadbirkori sifatida yaxshi tanilgan.

Tadbirkor bundan ikki yil oldin Tog‘li Badaxshonda hukumat kuchlari o‘tkazgan harbiy amaliyotlardan keyin siyosatga kirishga qaror bergan. O‘zining "24lar guruhi"ni tuzgan. Yangi tashkilot tojikiston muxolifatini birlashishga va Prezident Emomali Rahmonni iste‘fo berishga chaqirgan.

O‘zining qarashlari tufayli mamlakat prezidentining qahriga uchragan tadbirkor o‘tgan yildan buyon Turkiyada yashab keladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002