Osiyo Kubogi 2015: O‘zbekiston chorak finalda

Image copyright epa

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ketma-ket to‘rtinchi bor Osiyo Kubogining chorak finaliga chiqdi.

Jamoa guruh bosqich saralash bellashuvlarining yakuniy tur uchrashuvida Saudiya Arabistonini 3:1 hisobida mag‘lub etdi.

O‘zbekiston 3 o‘yindan 6 ochko jamg‘argan holda, "B" guruhidan pley-off bosqichiga chiqqan ikkinchi milliy terma jamoa bo‘ldi.

Guruhning bugun bo‘lib o‘tgan ikkinchi uchrashuvida esa, Xitoy 2:1 Shimoliy Koreyani ham mag‘lub etdi.

Jamoa uch o‘yindan 9 ochko jamg‘argan holda, "B" guruhi peshqadamligini saqlab qoldi.

Image copyright AFP

Bugungi natijalar ortidan, O‘zbekiston chorak finalda "A" guruhi yetakchisi Janubiy Koreya, Xitoy esa, ikkinchi o‘rin sohibi mezbon Avstraliyaga qarshi to‘p suradigan bo‘ldi.

Bu ikki chorak final bellashuvi 22 yanvar kuniga rejalangan.

O‘yin tarixchasi

O‘zbekiston hal qiluvchi uchrashuvda hisobni birinchi bo‘lib ochdi:

Hali 2-daqiqadayoq Sardor Rashidov jamoasini 1:0 hisobida oldinga olib chiqdi.

1-bo‘lim O‘zbekiston milliy terma jamoasining g‘alabasi bilan yakunlandi.

59-daqiqada raqib o‘yinchisi ac-Sahlaviy o‘yinda hisobni tenglashtirdi:

Avstraliyalik hakam tomonidan belgilangan 11 metrlik jarima to‘pini aniq amalga oshirdi.

Ammo 71-daqiqada Vohid Shodiyev va oradan yetti daqiqa o‘tib, yana Sardor Rashidov tomonidan kiritilgan to‘plar yakshanba kungi uchrashuvda O‘zbekistonning mutlaq g‘alabasini ta‘minladi.

O‘zbekistonlik yosh futbolchi Sardor Rashidov esa, uchrashuv qahramoniga aylandi va eng zo‘r o‘yin ko‘rsatgan o‘yinchi, deb topildi.

Image copyright AFP

"B" guruhidan ikkinchi yo‘llanma taqdirini hal qiluvchi 3-tur uchrashuvi mezbon Avstraliyaning Melburn shahrida Toshkent vaqti bilan tushki soat 14:00 da start oldi.

Ta‘kidlash joiz, bu yilgi Osiyo Kubogining pley-off bosqichiga chiqishi uchun Saudiya Arabistoniga bugungi o‘yinda durang natijaning o‘zi ham kifoya qilardi.

Hal qiluvchi yakuniy tur uchrashuvlari arafasida Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston hisobida 3 tadan ochko bo‘lib, to‘plar nisbatidagi farq Saudiya Arabistoni tomonida edi.

Shu bois ham, so‘nggi uchrashuvida O‘zbekistonni durang natija qoniqtira olmasdi.

Dastlabki ikki uchrashuvini ketma-ket g‘alaba bilan boshlagan Xitoy esa, guruhdan muddatidan ilgari chorak finalga chiqqan birinchi milliy terma jamoa bo‘lgandi.

Image copyright AFP

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni shu paytgacha Osiyo Kubogi doirasida bir-biriga qarshi uch bor to‘p surgan.

Shuning ikkitasi Saudiya Arabistoni foydasiga hal bo‘lgan, qolgan bittasida O‘zbekiston g‘alaba qozongan.

Bu - Saudiya Arabistoni uchun o‘ninchi, O‘zbekiston uchun esa, o‘z tarixidagi oltinchi Osiyo Kubogi bo‘ladi.

Saudiya Arabistoni uch karra Osiyo chempioni, ikki bor kubokning kumush medali sovrindori bo‘lgan jamoa sanaladi.

Ikki marotaba Osiyo Kubogining chorak finalchisi bo‘lgan O‘zbekiston esa, bu turnirda o‘zining rekord natijasini 2011 yil Qatarda qayd etgan.

O‘sha yili Osiyo Kubogining yarim finaliga chiqqan. 16 yanvar kuni poyoniga yetgan guruh bosqich saralash bellashuvlari 2-tur uchrashuvlari ortidan, mezbon Avstraliya, Janubiy Koreya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron va Yaponiya muddatidan ilgari pley-off bosqichiga yo‘llanmani naqd qilishgan.

"D" guruhining ikkinchi chorak finalchilari 20 yanvar kungi yakuniy tur uchrashuvlari ortidan ma‘lum bo‘ladi.

9 yanvar kuni Avstraliyada start olgan bu yilgi Osiyo Kubogi 31 yanvar kuni yakunlanadi.

Joriy paytda to‘rt karra Osiyo chempioni Yaponiya amaldagi kubok sohibi sanaladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002