Kiyevdagi "Birdamlik yurishi"ga minglab odamlar to‘plandi

Image copyright Reuters
Image caption Tadbirda Prezident Petr Poroshenko va bosh vazir Arseniy Yatsenyuk ham ishtirok etgan

Volnovaxa yaqinida yo‘lovchi avtobusning hujumga duch kelishi oqibatida halok bo‘lganlarni xotirlash va terrorchilikka qarshi norozilik bildirish maqsadida Kiyevda o‘tkazilgan "Birdamlik yurishi"ga minglab odamlar qatnashgan.

Avvaliga Taras Shevchenko istirohat bog‘ida marhumlar xotirasiga duo qilingan. Tushga yaqin minglab yurish ishtirokchilari Mustaqillik maydoni tomon yo‘l olishgan.

Tadbirda Prezident Petr Poroshenko va bosh vazir Arseniy Yatsenyuk ham ishtirok etgan.

Matbuotning yozishicha, Maydonda so‘zlagan Poroshenko janoblari Ukraina bo‘lginchilar tarafidan ishg‘ol qilingan Donetsk va Lugansk viloyatlari qayta nazorat ostiga olinishini ta‘kidlagan.

"Biz Ukrainaning bir bo‘lagini ham bermaymiz! Biz Donbassni qaytarib olamiz!... Biz g‘alaba qilamiz, Ukrainada tinchlik qaror topadi. Bosqinchilar Ukraina hududidan quvib chiqariladi", deb aytgan Prezident Poroshenko.

Keyin yurish qatnashchilari oldida diniy muassassalar vakillari chiqish qilishgan.

Odamlar qo‘llarida Ukraina milliy bayroqlari, terrorchilik qoralangan yozuvlar, shu bilan birga, jabrlangan avtobus yo‘lovchilari xotirasiga "Men Volnovaxa" deb yozilgan plakatlarni ko‘tarib olishgan.

Mahalliy vaqt bilan soat 14:00da Mixaylovsk maydonida "Birdamlik yurishi" boshlangan.

Shuningdek, ukrainlar yakshanba kuni qator Ovro‘po davlatlari, Amerika va Argentinada ham xuddi shunday yurish o‘tkazishni rejalashgandi.

Image copyright Reuters
Image caption Odamlar qo‘llarida Ukraina milliy bayroqlari, terrorchilik qoralangan yozuvlar, shu bilan birga, jabrlangan avtobus yo‘lovchilari xotirasiga "Men Volnovaxa" deb yozilgan plakatlarni ko‘tarib olishgan

O‘tgan hafta Donetsk viloyatining Volnovaxa shaharchasi yaqinidagi nazorat nuqtasi artilleriya hujumiga tutilarkan, 12 inson nobud bo‘lgan va 18 kishi yaralangandi.

Jahon hamjamiyati Donetsk viloyatida tinch aholining hujumga tutilishini qoralagan.

BMT Xavfsizlik Kengashi hodisa yuzasidan xolis tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan. Ovro‘po Ittifoqi va Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti esa, har ikki tomonni sulh shartlariga amal qilishga undagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002