Atambayev chegarani mustahkamlashga buyruq berdi

Prezident Almazbek Atambayev Qirg‘iziston qurolli kuchlariga davlat chegaralarini qo‘riqlashda barcha choralarni ko‘rishga buyruq berdi.

Bunday qarorning olinishiga Tojikiston bilan sarhaddosh Qirg‘iziston janubidagi Botken viloyatida joylashgan bo‘linmalardan biriga noma‘lum qurolli shaxslar tomonidan sodir etilgan hujum sabab bo‘ldi.

Qirg‘iziston rasmiy axborot agentliklari xabar berishicha, jumadan shanbaga o‘tar kechasi Botken viloyati Laylak tumanining "Aykol" chegara zastavasiga noma‘lum qurollilar hujumi oqibatida zastava boshlig‘i halok bo‘lgan, uning o‘rinbosari va yana bir askar jarohat olgan.

Qirg‘iziston prezidenti qurbon oilasiga ta‘ziya bildirdi va yaradorlarga zaruriy yordam ko‘rsatishga topshiriq berdi.

Janob Atambayev shuningdek huquq-tartibot idoralarini mazkur qurolli hodisani "diqqat bilan o‘rganib chiqish va hujumchilarni topish" bilan vazifalantirdi.

Xabarlarga ko‘ra, yaradorlar Isfana shahar shifoxonasiga yotqizilgan.

Qirg‘iziston rasmiylari bergan ma‘lumotga ko‘ra, qurolli hodisa chegara hududidan 30 kilometr ichkarida Qirg‘iziston hududida yuz bergan.

Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati xabarida ta‘kidlanishicha, hozirda qirg‘iz – tojik chegara chizig‘i kuchaytirilgan tartibda qo‘riqlanmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002