"Keksalarni e‘zozlash pensiyalarni ushlab qolish bilan boshlandi"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

2015 yilda Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan O‘zbekistonda "Keksalarni e‘zozlash yili" deb e‘lon qilingan.

Biroq bu yil boshlanganidan buyon toshkentlik pensioner va nafaqaxo‘rlar o‘z pensiya va nafaqalarini ola olmayaptilar.

Bu haqda O‘zbekiston Inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhi xabar tarqatgan.

Guruh rahbari Sur‘at Ikromovning aytishicha, o‘zlarining tashkilotiga Toshkentning Uchtepa, Olmazor va Shayhontohur tumanlarida istiqomat qiladigan keksalar murojaat qilganlar.

Pensionerlar o‘zlarining pullarini pochta bo‘limlaridan olishlari ko‘zda tutilgan.

Ammo so‘nggi ikki hafta mobaynida keksa kishilar ertalabdan pochta idorasi oldida navbatda turadilar.

Bir necha kishiga pensiyasi yoki nafaqasi berilganidan keyin pochta idorasi xodimi keltirilgan naqd pul tugab qolganini e‘lon qiladi.

Ularning ko‘pchiligi kasalmand kishilar, dori-darmon va davolanishga muhtojlar. Pullarini ola olmayotganlari uchun qiynalmoqdalar, deydi Inson huquqlari Tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov.

Sur‘at Ikromovning aytishicha, 2015 yil yanvaridagi pensiya va nafaqalarni egalariga tarqatish bilan bog‘liq muammo Toshkentning boshqa tumanlarida ham kuzatilmoqda.

"Viloyatlarda esa ahvol bundan ham yomon - odamlar ikki-uy oylab pensiyalarini ololmaydilar", deydi Sur‘at Ikromov.

Tashabbus guruhi tarqatgan xabarda aytilishicha, bu yil "Keksalarni e‘zozlash yili" deb e‘lon qilingan, lekin mansabdorlar keksalar uchun muammolarni sun‘iy yaratmoqdalar.

"O‘tgan yil oxirida ayrim pensionerlarning pensiyasi miqdorini qisqartirishdi, ularga oxirgi 8-10 yil davomida pensiya noto‘g‘ri hisoblab berilganini aytishdi", deydi Inson huquqlari Tashabbus guruhi.

2014 yil oxiridan o‘z vaqtida pensiyasini olmagan pensionerning pulini talab qilib olish muddati qisqartirilgan edi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002