Qozog‘istonda tibbiyotga noma‘lum kasallik tarqalgan

Image copyright Reuters

Qozog‘istonning shimolidagi Kalachi qishlog‘ida sirli kasallik paydo bo‘lib, shifokorlarga ko‘ra, entsefalopatiya holati yoki "uyqu kasalligi" deyish mumkin.

Qishloq aholisi uzoq vaqt davomida uxlashlari, bu holat nafaqat uyda, ish paytida ham sodir bo‘layotgani kuzatiladi.

"U xuddi mast odamdek yuradi - nimanidir anglaydi, nimanidir yo‘q, xuddi avtopilotdagidek, qachonki to‘shakka yotqizilsa, qotadi-qoladi, deb so‘zlab beradi qishloq aholisidan biri.

Lekin ba‘zi uxlaganlar to‘liq o‘zini yo‘qotmasdan gapirishi, hatto yurishi mumkin, lekin o‘zlariga kelganda bu holatni eslay olmaydilar.

"Bir ayol Rossiyadagi qizi bilan telefonda gaplashgan, besh kundan keyin unga qo‘ng‘iroq qilgani, xat yuborgani haqida aytishganda, hech narsani eslay olmagan, deydi ismini aytishni xohlamagan ayol.

Dastlab bunday kasallik sanoqli odamlarda 2013 yil bahorida boshlangan. Shifokorlar aytishicha, ular avval ham bu haqda shikoyat qilganlar. O‘shandan buyon 600 aholisi bo‘lgan qishloqning 100 dan ortig‘i "g‘aflat kasalligi"ga duchor bo‘lganini aytgan. Dekabr oxiridan beri 40 holat ro‘yxatga olingan. Aholiga ko‘ra, "uyqu kasalligi" yana qaytalay boshlagan.

Image copyright Reuters

Kasallik belgilari sifatida shifokorlar darmonsizlik, bosh aylanish, uyqusirash, gallyutsinatsiya va mo‘ljalni yo‘qotish kabilarni keltirishgan. Kasallikning belgilari ayniqsa Krasnogorsk posyolkasi va Kalachi qishlog‘ida kuzatilmoqda, deydi poliklinika shifokori Tatyana Protasova.

Kasallikning og‘ir ko‘rinishlarida ham kattalar, ham bolalar 10 kungacha uxlab qoladilar.

Mutaxassislar bunday sirli ko‘rinishning aniq sabablarini keltira olmayaptilar. Hukumat komissiyasi hududda tekshirish o‘tkazyapti.

Ba‘zi olimlarning taxminicha, kasallikka radiatsiya sabab bo‘lishi mumkin.

Muqaddam Kalachi qishlog‘ida uran koni bo‘lib, 1990 yillarda yopilgan. Olimlarning fikricha, uran moddasi qayerdandir sizib chiqib, sirli holatni yuzaga keltirayotgan bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas.

Biroq Radiatsiya xavfsizligi instituti rahbari Sergey Lukyanenko tekshiruv guruhi qishloqda ishlagani va noodatiy hech narsa topmaganlarini ta‘kidlaydi.

"Biz hamma uylarga kirib chiqdik, gamma-fonlarni o‘lchadik. Radiatsiya yo‘q bu yerda. Radon konsentratsiyasining balandligi odatiy holat. Bunday qishloqlar dunyoning hamma yerida bor va bunday holat u joylarda uchramagan", - qo‘shimcha qiladi olim.

Uning aytishicha, tekshirishlar havoda is gazi ko‘pligini ko‘rsatgan, kasallik balki shunga bog‘liqdir.

Kalachi qishlog‘ini ichiga olgan Yesil tumani rahbariyati hozircha qishloq aholisini ko‘chirish haqida gap yo‘qligini, odamlar ham boshqa yerga ko‘chishni xohlamayotganlarini aytadi. Biroq kasallik xuruji kalachiliklarni tobora ko‘proq bezovta qilmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002