"Ovro‘poni siyosiy zilzila kutmoqda"

Image copyright v

BBCning "Demokratiya kuni" doirasida BBC buyurtmasi asosida Economist Intelligence Unit o‘tkazgan tadqiqot xulosalariga ko‘ra, 2015 yilda Ovro‘poni "siyosiy zilzilalar" kutmoqda.

20 yanvar kuni BBC "Demokratiya kuni"ni nishonlashga qaror qildi, bunda demokratiyaning o‘tmishi, buguni va kelajagiga nazar tashlashga harakat qilamiz.

Shu munosabat bilan BBC Londonda joylashgan Economist Intelligence Unit tadqiqot markaziga buyurtma berdi, unda Ovro‘podagi demokratiya ahvoli tahlil qilingan.

Ushbu tadqiqot xulosalariga ko‘ra, 2015 yilda Ovro‘poni "siyosiy zilzilalar" kutmoqda.

Bu butun Ovro‘poda populist partiyalar ta‘siri ortib borayotgani bilan bog‘liq.

Ushbu holat Ovro‘po mamlakatlaridagi asosiy partiyalarni shu paytgacha tasavvur qilish ham mumkin bo‘lmagan ittifoqlar tuzishga majbur qiladi.

Economist Intelligence Unit tadqiqotida aytilishicha, o‘z mamlakatlaridagi muhojirlikka qarshi kampaniyalar tashkil qilayotgan, Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo mamlakatlar hukumatlarining byudjetni qisqartirish amallariga qarshi chiqayotgan populist partiyalarning omma ko‘zi o‘ngidagi obro‘lari ortib ketgan, asosiy partiyalarga a‘zo bo‘lishni istayotgan odamlar kamayib ketgani yengil obro‘ orttirishga intiladigan partiya va harakatlar uchun yo‘l ochgan.

Bunday partiya va harakatlar qatorida ham so‘l qanot va ham o‘ng qanot va ham yo‘nalishini aniqlab olmagan yoki maqsadi shubhali siyosatga intiluvchilar ham bor.

Economist Intelligence Unit o‘rganishida ma‘lum bo‘lishicha, Ovro‘poda saylovchilarning ovoz berishga ishtiyoqlari pasayib ketgani ham kuzatilgan, saylovdagi ishtirokchilar soni kamaygani kuzatilmoqda.

Ovro‘po demokratiyasi uchun bu yilgi ilk sinov Yunonistondagi 25 yanvarga mo‘ljallangan parlament saylovi bo‘ladi.

"Agar Yunonistondagi radikal so‘l qanot SIRIZA partiyasi saylovda g‘alaba qozonib, hukumatni tuzishga muvaffaq bo‘lsa, bu butun ovro‘po Ittifoqi uchun larza bo‘ladi", deydi Economist Intelligence Unit.

Britaniyada ham may oyiga parlament saylovi mo‘ljallangan, qudratdagi asosiy partiyalar - Konservatorlar va Leyboristlarga tegishli bo‘lgan o‘rinlarni UKIP mustaqil partiyasi "tortib olayotgani" kuzatilmoqda.

Bu saylov ham Britaniyaga siyosiy beqarorlikni olib kelishi mumkin.

"Bu yerda asosiy savol shuki, ertangi kunnni bashorat qilish imkonsiz bo‘lgan ushbu holat Ovro‘po demokratiyasi tahdid ostida ekanligini ko‘rsatadimi yoki demokratiya ko‘ngildagidek ishlayotganinimi?", deya savol qo‘yadi BBC Dunyo masalalari bo‘yicha muxbiri Mayk Vuldrij.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer