Jamoatchilik bilan ko'rishmaydigan Shavkat Mirziyoev lavozimida qolgan

O'zbekistonning bosh vaziri lavozimini uzoq vaqtdan buyon egallab kelayotgan Shavkat Mirziyoev o'z vazifasida qolgan.

Mamlakatda parlament saylovlari o'tkazilganidan keyingi Oliy Majlisning yuqori va quyi palatalari ilk qo'shma majlisida Prezident Islom Karimov 57 yoshli Shavkat Mirziyoev nomzodini bosh vazirlikka taklif etgan.

Bu orada O'zbekiston hukumati iste'fo berishga ham ulgurgan.

Biroq bu iste'foning uzoqqa cho'zilishiga yo'l qo'yilmagan.

Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasining a'zolari janob Mirziyoev nomzodini ma'qullab ovoz berganlari xabar qilinmoqda.

Na O'zbekiston matbuotida, na xorijiy ommaviy vositalarida janob Mirziyoevning O'zbekiston parlamentida oxirgi saylovlar natijasida eng ko'p o'rin egallagani xabar qilingan Liberal-Demokratik partiya faoliyatida qanday ishtirok etayotgani, bu partiyaning O'zbekiston aholisi orasida ko'proq ovozga ega bo'lishiga qanday hissa qo'shgani haqidagi xabarlar ko'zga tashlanmagan.

Shunday bo'lsa-da, parlamentda ko'p o'rinni qo'lga kiritgan partiyaning bosh vazirlikka o'z nomzodini qo'yishi kerakligi haqidagi tartibdan kelib chiqib libdemchilar Shavkat Mirziyoev nomzodini ilgari surgan.

Janob Mirziyoev 2003 yili O'tkir Sultonov o'rniga kelgan va O'zbekiston mustaqil bo'lganidan buyon eng uzoq bu lavozimni egallab kelayotgan Bosh vazir.

U Toshkent Irrigatsiya va Melioratsiya institutini tamomlagan.

So'ng Toshkent shahridagi Mirzo Ulug'bek tumani hokimi lavozimida ishlagan.

Toshkentning Mirzo Ulug'bek tumani Prezident Islom Karimovning "Do'rmon" qarorgohiga chegaradosh va bu tuman rahbari sifatida ish yuritishi janob Karimovga ma'qul bo'lgani uchun Shavkat Mirziyoevga Jizzax viloyati hokimligi ishonib topshirilgan.

Janob Mirziyoevning bu viloyatdagi hokimligi fermerlarning davlat rejasi bajarib bo'linganidan keyingi donni davlatga topshirishdan bosh tortganlari bilan bog'liq noroziliklar manzarasida kechgan.

Jizzaxdan keyin Samarqand viloyati hokimi lavozimini egallaganida ham Shavkat Mirziyoev qattiqqo'lliklari haqidagi xabarlar butun respublikaga tarqalgan.

Shavkat Mirziyoev Bosh vazir lavozimini egallagan 2003 yildan buyon jurnalistlar bilan muloqot qilmagan siyosatchi.

Shavkat Mirziyoev omma o'ngida tanilmagan siyosatchi

O'tgan yili toshkentlik faollar Bosh vazir Shavkat Mirziyoev bilan uchrashishga harakat qilishgan, biroq buning uddasidan chiqmaganlar.

Arzimni aytay Shavkat Mirziyoevga...

2004 yil Toshkentga o'sha paytdagi Ukrainaning bosh vaziri Viktor Yanukovich tashrif buyurgan, Xalqaro Biznes markazi binosida O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev bilan muzokara o'tkazgan.

Bu muzokara chog'ida janob Mirziyoev O'zbekiston yaqinlashib kelayotgan Ukrainadagi prezidentlik saylovida janob Yanukovich nomzodini qo'llab-quvvatlashini aytgan.

Muzokaralardan keyin O'zbekiston bosh vaziri binoni tark etgan, janob Yanukovichning jurnalistlar bilan yolg'iz o'zi savol-javob qilishidan o'zga chorasi qolmagan.

Biroq oradan bir necha oy o'tib, Ukrainadagi "Norinj inqilobi" janob Yanukovichning prezidentlikka umidlarini 2010 yilgacha ortga surgan edi.

O'zbekistonda jurnalistlarning qitmir savollariga javob berishdan nafaqat Bosh vazir Mirziyoev, balki Prezident Islom Karimovning o'zi ham bosh tortganiga 10 yilcha bo'ldi.

So'nggi marta janob Karimov Andijon hodisalari ortidan kutilmaganda O'zbekiston Bosh prokuraturasi binosiga kirib kelib, jurnalistlar bergan savollarga g'azabnok javob qaytargan edi.

Shundan keyin xoh Toshkentda bo'lsin, xoh xorijda, Prezident Karimov ishtirokida press-konferentsiya emas, jurnalistlarning savollariga o'rin qoldirmaydigan brifinglarni o'tkazish afzal ko'riladi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog'lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer