Saudiya Arabistoni Vahhobiylik aqidasini yoyish uchun nimalar qildi?

Image copyright Getty

Vahhobiylik XVIII asrda yuzaga kelgan diniy-siyosiy oqim.

Bu yo'nalish tarafdorlari o'zlarini salafiylar deb atashadi, oqim siyosiy emas, diniy, deyishadi.

Vahhobiylik Saudiya Arabistonining davlat mafkurasi sifatida qabul qilingan.

Saudiya podshosi Abdullo vafot etgani manzarasida Bi-bi-sining Afg'oniston bo'yicha muxbiri Devid Loyn Saudiya Arabistonining Vahhobiylikni dunyoga yoyish maqsadida so'nggi 40 yilda yuritgan siyosatiga nazar tashlaydi:

Podsho Abdullo Saudiyaning 1970 yillardan kengaya boshlagan Islomga fundamental qarashdagi siyosatini davom ettirdi.

Saudiya Arabistoni Vahhobiy Islomning qattiq aqidaparast g'oyalarini jahon bo'ylab tarqatishga neftdan tushgan milliardlab dollarlarni sarfladi.

Bu mablag'lar urushlarga va xorijda insonlarga saboq berishga yo'naltirildi.

Bu siyosat ayrim paytlarda G'arb manfaatlariga to'g'ri ham keldi.

Misol uchun, 1980 yillarda Afg'onistonni bosib olgan Sho'ro qo'shinlariga qarshi qurolli kurashga kirishgan islomiy partizanlar - mujohidlarni dastaklashga AQSh sarflagan har bir dollarga Saudiya Arabistoni ham bir dollar qo'shdi.

1990 yillarda esa boshida Bosniyada, keyinroq esa Kosovoda Saudiya musulmon jangarilariga ko'rsatgan yordamlar oxir-oqibatda ikki hududda ham bu jangarilarning radikallashishiga olib keldi.

Bu hududlarga etkazilgan har bir miltiq yoniga bittadan Qur'on qo'yilgan edi.

Pokistonda esa madrasalar uzoq yillar davomida Saudiya tomonidan moliyalandi.

Natijada ushbu islomiy o'quv yurtlarida o'qitiladigan fanlarga cheklovlar kiritildi, butun-butun mintaqalarda yoshlarning mutaassiblashishi kuzatildi.

Boy-badavlat saudiyaliklar va Saudiya Arabistoni hukumati Ovro'po bo'ylab, xususan, Britaniyada ham aqidaparast maorif dasturlari va televizion kanallarni molyalab keladilar

Biroq neftga qaramlik G'arb tanqidining "og'zini yopib keladi".

Bunga misol qilib 2001 yil 11 sentyabr portlashlarini keltirish mumkin.

Uchoqlarni olib qochgan xudkushlarning 19 tasidan 15 nafari Saudiya fuqarolari edilar.

Aqidaparast g'oyani qo'llab-quvvatlash uchun qurbonlar berishga ham to'g'ri keldi.

Talofotlar ham mamlakat ichkarisida, va ham xorijda bo'ldi.

1979 yili Vahhobiy jangarilar Haj ziyorati payti Islom olamidagi eng muqaddas joy Masjidul-Haramni qo'lga kiritdilar.

Jangarilar maqbaralarning muqaddas sanalishiga qarshi edilar.

Saudiya qurolli kuchlari Makkai Mukarramani qayta qo'lga olish uchun janglarga kirishdilar.

Bu maqsadga yuzlab insonlar umrini yo'qotish evaziga erishildi.

Iroq va Suriyada "Islomiy Davlat"ning yuzaga kelishi Saudiya Arabistoni siyosatining Suriyada shia Eron qudratiga qarshi kurashi oqibati edi.

"Islomiy Davlat" bilan Saudiyaning aqidaparast g'oyalari bir-biriga mos keladi.

Faqat bitta muhim farqli jihati bor - yangi harakat o'z xalifatini barpo etishni istaydi va bu Saudiyadagi qudratdagi sulolaga muxolif g'oya.

Bunday qarama-qarshilik bilan Saudiya davlati oxirgi yillarda ilk bor duch kelib turipti.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog'lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer

Bu mavzuda batafsilroq