Qirg‘izistonda qurolli guruh qo‘lga olingani aytilmoqda

Image copyright Reuters

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabar qilishicha, O‘sh viloyatida maxsus qidiruv amaliyotlari o‘tkazish chog‘ida xalqaro terrorchilik tashkiloti deya tasvirlanayotgan guruh a'zolari qo‘lga olingan.

Xavfsizlik xizmati mas‘ullariga ko‘ra, ular badavlat fuqarolarning mol-mulkini noqonuniy o‘zlashtirish maqsadida "Amaliyot" deb atalgan qurolli qaroqchilik bilan shug‘ullanib kelganlar.

Qo‘lga tushgan guruhning olti a‘zosi va to‘rt yordamchisi Suriyadagi xalqaro terroristik tashkilotlarning jamlog‘larida tayyorgarlikdan o‘tganlari aytiladi.

Bu haqda Qirg‘iziston Xavfsizlik xizmati matbuot kotibi Rohat Sulaymonov ma‘lum qilgan muxbirlarga.

Uning bildirishicha, hibsga olinganlar yashab kelgan uylarda tintuv o‘tkazilganda, bir dona Kalashnikov avtomati, ovchilar miltig‘i, gaz to‘pponchasi, 1800 ga yaqin turli kalibrdagi patronlar, oltita niqob, temir tayoq va yog‘och kaltaklar, pichoq va mashina nomeri topilgan.

Ushbu voqea yuzasidan Qirg‘iziston jinoyat kodeksining "hujjatlar va muhrlarni qalbakilashtirish", "noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanish" kabi moddalari bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Guruhning boshqa a‘zolari ham qidirilayotgani xabar qilinadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002