Mamadali Mahmudov: "Omonsiz yillar". 2-qism

Zohir A‘lam o‘z millati ozodligi uchun, ya‘ni tom ma‘nodagi ozodligi uchun umrini tikkan odam edi. U qayerda bo‘lmasin, kim bilan qo‘shilmasin, qaysi davrada o‘tirmasin, Turkiston Birligi haqida o‘ylardi ham so‘ylardi.

O‘z qobiliyatiga yarasha shu mavzuda qalam tebratardi. Avvalda ham, hozirda ko‘tar-ko‘tar qilingan, qilinayotgan "adib"chalarning baridan ustun yozuvchi edi u. Men uni millatimizning faxri deyishga arzigulik inson, deb bilaman.

To‘g‘ri, Zohirning fe‘li og‘ir edi. U birmuncha tajang hamda betga chopar edi. Biroq uning bu "kamchilik"lari vatanparvarlik fazilatlari oldida uncha sezilavermasdi. Shunga do‘stlari Zohirdan uzoqlashmasdilar. Jumladan, men ham. Zohir bilan oramizda gap qochgan kunlar ham bo‘lgan. Lekin shunga qaramay, ma‘lum muddat kechgach, biz yuz ko‘rishaverardik.

... Hozir men uning uyiga ko‘mak istab kelganimda, u o‘z odatiga ko‘ra ichidagini yashirmadi. Achchiq haqiqatni yuzimga aytdi: "Keyin kech bo‘lishi mumkin..." Men battar qo‘rquv qurshovida qoldim. - Aroq ichamiz, - Zohirni mendan kam ezilmayotganini tuydim. - Ruldaman. - Haydarali haydaydi. Bir shisha bo‘shatdik. - Kallamda bir narsa pishdi, - dedi u qizargan ko‘zlarini menga tikib. - Ayting, - men jonlandim. - Ertaga... Menda qandaydir darajada umid uchquni paydo bo‘ldi. Picha yengil tortdim. Bunga aroqning ham ta‘siri bo‘lgandir, balki? Uyga qaytdik. KGBchilar bilan uchrashishimdan ikki soatcha oldin Odil Yoqub bilan ulandim. - Meni olib ketishayapti,- dedim. - Kim? Qayoqqa? - KGB, noma‘lum tomonga. - Ehtiyot bo‘l. Ortiqcha gapirma. Yon bos. Qayta ishlayman de. Bu bilan bir yering kamayib qolmaydi. Qaytishing bilan menga sim qoq.

Men bilgan kishilarning ichida eng soddadili, beg‘ubori Odil og‘a edi. Hozir meni yo‘q etishga olib ketajagi uning xayoliga ham kelmadi. Men buni Odil Yoqubovning gapi ohangidan ilg‘adim. - Nasib etsa, Odil og‘a... – deya go‘shakni joyiga qo‘ydim. Muhammad Solihni telefonda zo‘rg‘a topdim. U zamonda uning uyi yo‘q edi. Adashmasam, Qoraqamish mavzesida yashashardi. Kambag‘al edi. U o‘z murakkab she‘rlari bilan endi tilga tushayotgan chog‘lar edi. O‘shanda uning do‘st, dushmanlari orasida shunday gaplar yurardi: "Muhammad Solih o‘zbek adabiyotiga yangi poeziya olib kirayapti". "Muhammad Solih o‘zbek adabiyotiga Ovro‘po modernizmini olib kirayapti". "Muhammad Solih iqtidorli shoir". "Muhammad Solih shoir emas". Muhammad Solihning fe‘l-atvori to‘g‘risida ham turli fikrlar qanot yoyardi:

"Muhammad Solih irodali odam". "Muhammad Solih xudbin odam". Kim nima desa desinu, mening nazarimda, Muhammad Solih o‘z do‘st, dushmanlaridan bo‘yi jihatidan ham, aqli jihatidan ham bir bosh yuqori turardi. Beklar urug‘idan chiqqan bu yigit tabiatida milliy g‘urur ustivor edi. Yana buyuk Turon g‘oyasi... Meni u bilan bog‘lagan narsa ham shu edi.

Solihning yana bir jihati: qasoskor edi. U o‘sha dongli avlodlari-xorazmshoxlarga tortganmidiki, o‘ziga nohaq xuruj qilganlar bilan hisob-kitob qilardi: Aqli bilan, Tili bilan, Mushti bilan... Unda oriyat quvvati beqiyos edi. Solih o‘ziga zaharli tosh otgan, Vatan, millat dardlari bilan sug‘orilmagan shig‘irlar to‘quvchi shoirlardan birini urib, oyog‘i ostida emaklatganiga guvoh bo‘lganman.

Pushkin Dantesning bir nojo‘ya so‘zi uchun uni duelga chaqirgan.

Mana shoir g‘ururi! O‘sha omonsiz yillarga qaytaman... Men Muhammad Solihga ikki og‘iz so‘z bilan vaziyatni anglatdim.

- Qo‘ng‘iroq qilganingiz yaxshi bo‘ldi... Eshitib turishgandir?.. Balki?.. Olloh panohiga... Undan boshqa qutqazuvchi yo‘q.

Uning o‘g‘uz lahjasi bo‘rtib turgan yo‘g‘on ovozida meni qo‘rqmaslikka undovchi kuch va yana hamdardlik tuyg‘usi mujassam edi. Men buni tuyarkanman, ko‘nglimdan shu gap kechdi:

"Qo‘rqsam ham, qo‘rqmasam, kunim bitgan bo‘lsa, o‘limdan qochib qutulolmayman. Bitmagan bo‘lsa, KGB meni yo‘q etolmaydi. Hamma narsa Tangridan. Uning izmisiz menga bir tikon ham kirmaydi"...

Sobir Mahmudovning qizil "Jiguli"si (Andijon nomerli)da Qo‘yliq orqali Rohat Ko‘liga yondik. Men orqa o‘rindiqda o‘tiribman. Sobirning yonida Moskva KGBsidan kelgan "vakil" o‘tiribdi. Baland bo‘yli, keng yelkali, jiddiy qiyofali bu kasning oti: Tsurkan, millati ukrain.

Meni qo‘rquv iskanjasiga olayapti. So‘l tizzam o‘zimga bo‘ysunmayapti. Titrayapti. Yuragim bejo urayapti. Yonimda o‘tkir pichoq. Uni ushlab-ushlab qo‘yaman, xayolim qochadi: "Vaqt g‘animat. Ikkoviga ham tiqaman! Yo‘qsa kech bo‘ladi. Meni so‘yadi. Yo otadi. Men pichoq sopini siqaman. Qattiq. Juda qattiq. Lekin menda jur‘at yetmaydi. Ikkilanaman: "Balki o‘ldirmas?.." Shu asnoda Tsurkan meni savolga tutadi:

- Ota-onangiz bormi?

- Otam urushdan qaytmagan. Onam dunyodan o‘tgan.

- Aka-uka, opa-singillar?

- Yo‘q.

- Bolalar?

- Bir o‘g‘il, ikki qizim bor.

- Xizmatda bo‘lganmisiz?

- Ha.

- Qayerda?

- Ukrainada, - men Tsurkanning savolidan negadir yengil torta boshladim.

- Ukraina ulkan yurt?

- Novgorod-volinskda.

- Lesya Ukrainka tug‘ilib-o‘sgan shahardami?

- Ha, men uning uy-muzeyida ham bo‘lganman. Kitoblarini ham o‘qiganman.

- Ukrainlar sizga yoqadimi?

- Ajoyib xalq.

- Kim bo‘lib xizmat qilgansiz?

- Tank komandiri.

- Pavlo Movchanni taniysizmi?

- Do‘stim, bordi-keldi ham qilamiz.

- Millatchimasmi? – O‘smoqchiladi Tsurkan.

- O‘z elini sevadi. Yaxshi shoir. Yaxshi odam. Uning xotini Yelena ham xushfe‘l ayol, adiba.

- Pochty my zemlyaki (Bizlar deyarli yurtdoshmiz) - Tsurkan menga qayrilib qaradi. Shunda uning tumanli yuzi menga yorishganday ko‘rindi. Ovozi ham yumshaganday, samimiyday edi.

- Yelena Movchan "Drujba narodov" jurnalida ishlaydimi?

- Qayerdan bilasiz?

- Qarindoshligi bor.

- Rostdanmi? – Men sevindim. U buni chin aytdimi? Yo yolg‘onmi? Bilmadim. Ammo men unga inonganday bo‘ldim.

- Men bir nimani tushunmayman. – Tsurkan menga qaragan bo‘yi gapida davom etdi, – Yelena o‘g‘li bilan Moskvada yashaydi, Pavla Kiyevda.

- Erkin hayot. Biroq ular bir-birini sevishadi.

- Erkin hayot?.. Shu sizga yoqadimi?

- Erk kimga yoqmaydi?

- "O‘lmas qoyalar"dan ham shuning hidi keladi. Men shundagina Tsurkanning maqsadini angladim. Ya‘ni u mening ichimni bilish uchun gapni uzoqdan aylantirib olib kelgan. Men ortiqcha bir so‘z demaganimga, tashvishga tushmadim. Bil‘aks, bu suhbat bir qadar menga yoqdi ham.

Tsurkanga xotirjam javob qaytardim:

- Men tarixiy haqiqatga qarshi yozmadim. Yozolmayman ham.

- Rus bosqinchimi?

- Chor hukumati.

- Rusga tosh otgansiz-ku.

- Yo‘q. Sizga yolg‘onni so‘qishgan.

- Yolg‘onni?

- Siz Pavlo Movchanning qarindoshi bo‘lsangiz, u bilan adabiyot haqida ham qo‘nishib turarsiz?

Tsurkan mendan ko‘zini uzmagan holda o‘ylanib qoldi. So‘ng:

- Ahyon-ahyonda, - dedi.

- Personajlar tilida aytilgan gaplarni menga to‘nkashayapti. Bu badiiy adabiyot-ku, axir. Lev Tolstoyning "Hojimurod" asarini o‘qigandirsiz?

- O‘smirligimda.

- Cherkeslar Chor askarlarini: "Cho‘chqa o‘rislar!.." deb so‘kishadi. Bu bilan Lev Tolstoyni ayblash kerakmi? Sholoxovning "Tinch Don"ida kazaklar rusni qarg‘ashda cherkeslardan ham oshib tushishadi. Bu bilan Sholoxovni jazolash kerakmi? Rus deganda rus xalqini emas, bosqinchi rusni tushunish kerak. "O‘lmas qoyalar"da bu narsa g‘ira-shira ko‘zga tashlanadi. Bir-ikki marta. Salbiy qahramon tili bor... Busiz badiiy adabiyot bo‘ladimi?

- Sizni anglagandayman.

"Rohat" ko‘liga yetdik. Sobir mashinasi bilan tepada qoldi. Tsurkan meni suvsiz ko‘l tubiga boshladi. Kuzning sovuq izg‘irini etni junjiktiradi. Tegra qorayib kelayapti. Tsurkanning o‘ng qo‘li charm kurtkasi cho‘ntagida. Aftidan, ovozsiz otiladigan qurol tepkisida. Men ham hujumga shayman. Ko‘nglimda qo‘rquvdan ko‘ra nafrat kuchli: "Shunchaki o‘lib ketmayman, - dedim o‘zimga-o‘zim, - Tsurkanning yuragiga tig‘ tortaman. Kutilmaganda. So‘ng to‘pponchada Sobirni yitaman!"

Men boks, kurash, futbol kabi sport o‘yinlarida o‘zimga yarasha pishgan bo‘lsam ham maxsus tayyorgarliklardan o‘tgan dev siyohli bu odamga bas kelmasligimni sezmayotgan edim.

- Islom diniga qanday qaraysiz? – Tsurkanning kutilmagan bu savolidan o‘zimga keldim. "Yaxshiyam tashlanmadim, - dedim ichimda va ixtiyorsiz bir tarzda "U-f-f-f" tortdim. So‘ng unga javob qaytardim:

- Muqanna haqida kitob yozaman.

- Muqanna?.. Kim u?

- Arab bosqinchilariga qarshi kurashgan botir.

- Mening savolimga shu javob bo‘ladimi?

- Ziyrak odamsiz...

Shu on bizga qarshi tomonda, ko‘lning yuqori qismida uch kishi ko‘rindi. Qo‘llarida ov miltiqlari. O‘rtadagi odamni tanidim:

Zohir A‘lam!

Sevinganimdan yig‘lab yuboray dedim. Tsurkanning yuzi gezarib, ko‘z qorachiqlari kengayib ketdi. U titroq bir ovozda so‘radi:

- Bu sizning ishingizmi?

- Yo‘q, ovchilar shekilli?

- Ishonmayman.

- Ixtiyoringiz.

- O‘zi sizni qutqazish ko‘nglimga kelib turuvdi. – U cho‘ntagidan kichkina to‘pponchani olib, qo‘ltig‘i ostidagi qora g‘ilofga soldi, - Pavlo Movchan bilan oshnosiz... Ukrain xalqini hurmat qilasiz... Rus eliga ham qarashingiz yomonmas. Men o‘ttizinchi yillardagidek salla o‘rniga kalla olmayman. Bundan hukumatga ham foyda yo‘q. Gap ko‘payadi... Chet el matbuot, radiolari: "SSSRda yana repressiya boshlandi" deb ayuhannos solishdan ham qaytishmaydi. Bu g‘ovg‘aning kimga keragi bor? Romanni qayta ishlang.

- Xo‘p, - Tsurkan ochiqcha gapga o‘tganiga, mendan yarog‘ini sir tutmaganiga ajablandim. Nima uchun shunday qildi? Balki bu mening hayotim qil ustida turganligiga, ehtiyot bo‘lishimga, topshiriqlarni bajarishimga ishoradir? Aks holda, bugun bo‘lmasa, ertaga meni yo‘q etib ketajaklariga bildirmadir? - Islom dinining zararligi to‘g‘risida maqola yozing, - u "ovchi"larga ko‘z qiri bilan qaradi. Yuziga xavotir belgisi toshdi. Ammo menga sir bergisi kelmadi. O‘zini xotirjamday tutib, gapini uladi, - adashganingiz haqida ham. Markaziy gazetalarda bostiramiz. O‘ylab ko‘rishingizga vaqt beraman. Ertaga kech soat oltida boyagi uchrashgan yerimizda hozir bo‘ling. - Xo‘p.

"Ovchi"lar bizga yaqin kelib qolishdi. Oraliq yuz qadamcha ham chiqmasdi. Qaytdik. Shoshilinch.

"Zohir A‘lam meni bir o‘limdan olib qoldi" deb o‘yladim. Yarim yo‘lda Tsurkan o‘zi sezibmi, sezmaymi g‘udrandi: - Ishachiy mozg!... U buni kimga, nega aytdi? Men uni o‘zimcha: "Sobirga aytdi" deb tahmin qildim. Nimaga? Mening og‘zimni qattiq yopmaganiga. Bu esa "ovchi"lar kelishiga sabab bo‘lganiga...

(Davomi bor)